Jazoir sobiq prezident Abdulaziz Buteflika bilan vidolashdi. Dafn marosimining tashkillashtirilgani ayni vaqtdagi hukumat haqida ikki xil taassurot uyg‘otdi, ular mamlakat mustaqilligi uchun kechgan urush qahramoni, davlatni 20 yil boshqargan va xalq noroziligiga sababchi bo‘lib yakunda iste’fo berishga majbur bo‘lgan rahbar bilan qanday xayrlashishni bilmasdi. Shunga qaramay mahalliy jurnalistlar yozganidek Abdulaziz Buteflikaning davri barcha ijobiy va salbiy jihatlari bilan birgalikda mustaqil Jazoir mamlakati tarixidagi muhim bosqichlardan biri bo‘lgan. “Kommersant” nashri Afrika qit’asidagi ushbu mamlakat sobiq rahbari haqidagi ma’lumotlarni taqdim etdi.

Foto: AP Photo

Qahramon bilan vidolashuv

Jazoir sobiq prezidenti 17-sentabr kuni 85 yoshda vafot etdi. Ertasi kuni mamlakat prezidenti Abdulmajid Tebbun muayyan tanaffusdan keyin Jazoirda uch kunlik motam e’lon qildi, mustaqillik kurashchisi Abdulaziz Buteflikaning vafoti munosabati bilan davlat bayroqlari tushirildi. Sobiq prezidentning o‘limi munosabati bilan mintaqadagi ko‘plab yetakchilar hamdardlik yo‘lladi, xususan, o‘zaro diplomatik munosabatlar o‘tgan oyda bekor qilingan mamlakat – Marokashning qiroli Muhammad VI ham Jazoir hukumati va xalqiga hamdardlik bildirdi.

Abdulaziz Buteflikaning dafn marosimi 19-sentabr kuni poytaxtdagi Al-Aliya qabristoni hududida joylashgan Mazlumlar maydonida o‘tkazildi. Bu yerga Jazoir ozodligi uchun kurashgan qahramonlar dafn etiladi. Garchi ikki yil avval saylovoldi kampaniyasi vaqtida Tebbun o‘zini “Buteflika rejimi” qurboni deb atagan bo‘lsa ham marosimda shaxsan ishtirok etgan. Boshqa yuqori lavozimdagi amaldorlar, xorij diplomatlari ham qabristonga borishgan. Jazoir milliy bayrog‘i bilan yopilgan tobut Sovet Ittifoqida ishlab chiqarilgan transportda sobiq prezidentning uyidan BTR-80 hamrohligida, mototsikllar karvoni bilan olib kelingan. Ammo Abdulaziz Buteflikaning dafn marosimi prezidentlar bilan vidolashuv darajasidagi hashamat bilan o‘tkazilgani yo‘q.

Odatda Jazoirda davlat rahbarlarining o‘limi munosabati bilan e’lon qilingan motam sakkiz kungacha davom etadi. Sobiq prezident jasadi solingan tobut u bilan vidolashish maqsadida Xalq saroyiga joylashtirilishi taxmin qilingandi. Mahalliy OAV saroyda Buteflika bilan xayrlashuv marosimiga tayyorgarlik ko‘rilayotgani haqida xabarlar tarqalgan, biroq oradan hech qancha vaqt o‘tmay vidolashuv marosimi bekor qilindi.

Prezident Tebbun o‘zidan avval mamlakatni boshqargan rahbarni qanday dafn qilish kerakligi borasida qiyin masalaga duch keldi. Sababi bir tomondan Buteflika 20 yil davomida mamlakatni boshqargan qahramon, boshqa tomondan olib qaraganda esa 2019-yilda bir necha oy davom etgan xalq norozilik namoyishlaridan keyin prezidentlik vakolatlaridan voz kechib, iste’foga chiqqan rahbar edi.

Abdulaziz Buteflikaning beshinchi muddatga prezidentlikka saylanish uchun nomzodini qo‘yganligi jazoirliklarning qahrini qo‘zg‘atgan, sababi u 2013-yilda insultni o‘tkazgandi va hamma uning sog‘lig‘i mamlakatni boshqarishiga imkon bermasligi mumkinligiga xavotirda edi.

Xalqning noroziligi oqibatida yuzaga kelgan bosim tufayli davlat rahbari saylovlarda ishtirok etmaslikka qaror qildi va ovoz berish jarayoni boshqa muddatga qoldirildi. Ammo prezident hamda uning atrofidagilar yangi konstitutsiya ishlab chiqilib, saylovlar qayta o‘tkazilguniga qadar hukumat tepasida qolishi haqidagi xabarlar mamlakat aholisining navbatdagi avvalgisidan kuchliroq norozilik namoyishlarini boshlashiga sabab bo‘ldi. Oqibatda Abdulaziz Buteflika iste’foga chiqqanini e’lon qildi. Shundan keyin prezident omma oldida boshqa ko‘rinish bermadi. Hech kim uni ta’qib qilmadi, u umrining so‘nggi yillarini xotirjam o‘tkazdi. Biroq prezident atrofidagi yurgan kishilarga nisbatan ayblovlar e’lon qilindi, xususan, uning ukasi va maslahatchisi Said korrupsiya hamda davlatga qarshi fitnada ayblanib ta’qibga uchradi. Keyinchalik unga qo‘yilgan ayblov bekor qilindi, lekin sud surishtiruvi hanuzgacha davom etmoqda.

Namoyishlar yana qayta boshlanishidan xavotirlangan Jazoir OAV sobiq prezidentning o‘limi haqida iloji boricha kamroq ma’lumot berishdi va u bilan vidolashuv marosimi haqida ham kam gapirildi. Deyarli barcha nashrlarda marhumning tarjimayi holi chop etildi. Jazoirning “Ash-Shuruh” axborot portal “Uning boshqaruvi davri ijobiy va salbiy jihatlari bilan birgalikda Jazoir tarixidagi eng muhim bosqichlardan biriga aylandi”,— deya sobiq prezident olib borgan siyosatga baho bergan.

Abdulaziz Buteflikaning yuksak natijalari va qulashi

Abdulaziz Buteflika 1937-yil 2-martda Marokashning Ujde shahrida tug‘ilgan. U arab madrasasi va fransuz litseyida ta’lim olgan, falsafani o‘rgangan. 19 yoshida o‘qishni tashlagan va noqonuniy yo‘l bilan Marokash – Jazoir chegarasidan o‘tib, Jazoir “Milliy ozodlik fronti” armiyasi tarkibiga kirgan, ushbu qo‘shin Fransiya mustamlakachilarga qarshi urush olib borayotgan edi. 1962-yilda mamlakat mustaqilligi uchun olib borilgan urush tugagach, Abdulaziz Buteflika Tlemsen shahridagi ta’sis majlisining raisi, bir vaqtning o‘zida yoshlar, sport va turizm masalalari bo‘yicha vazir lavozimini egallagan. Bir yil o‘tgach TIV rahbarligiga tayinlanib, dunyodagi eng yosh tashqi ishlar vaziri bo‘ldi va vazirlikni 14 yil davomida boshqardi. Jazoir uning rahbarligi ostida betaraflik harakatining yetakchisiga aylangan.

Ammo siyosatchi pozitsiyasini yo‘qota boshladi. 1980-yillar boshida uni moliyaviy ayyorliklar qilganlikda ayblandi. U “Milliy ozodlik fronti” markaziy kengashi a’zoligidan chiqarildi, biroq keyinchalik prezident Shadli Benjedid qaroriga ko‘ra amnistiyaga tushdi. Sobiq vazir 1987-yilgacha o‘z xohishiga ko‘ra surgun qilindi.

Abdulaziz Buteflika 1999-yilda siyosatga qaytdi va prezidentlik saylovlarida nomzod sifatida ishtirok etishga qaror qildi. Saylovlarda g‘olib chiqqanidan keyin qurollangan guruhlar ishtirokchilarning ko‘pchilik qismiga amnistiya beradigan qonunni imzoladi. Mamlakatning 1991-yildan 2000-yillargacha bo‘lgan fuqarolar urushi sharoitidan chiqish jarayoni uning nomi bilan bog‘lab kelinadi. Energiya Energiya manbalarining narxi o‘sishi bilan prezident armiyani mustahkamladi va infratuzilmani rivojlantirishga investitsiya kiritdi. Ammo dunyoda iqtisodiy vaziyat o‘zgara boshlagach, Jazoirning imkoniyatlari ham o‘zgardi. mamlakatda yoshlar orasida ishsizlar soni o‘sdi, siyosiy elitaning korrupsiyalashgani xalqning hukumatga bo‘lgan ishonchini kamaytirib yubordi.

Buteflika mintaqadagi bir nechta mamlakatda kuzatilgan “arab bahori” vaqtida Jazoirdagi barqarorlikni saqlab qoldi, biroq bu ham uzoqqa cho‘zilmadi.

“Buteflika — fojiaviy timsol. U milliy harakat vakillarining eng yorqin shaxslaridan biri sifatida faoliyatini boshlagan. Uning faoliyatida nafaqat Jazoirning tashqi siyosatini, balki boshqa uchinchi dunyo mamlakatlari tashqi siyosatining shakllanishida muhim o‘ringa ega. Yakun esa sharafli kechmadi. Bir narsani baralla aytish mumkin — u mustaqillik uchun kurashgan insonlar avlodidan chiqqan Jazoirning oxirgi yetakchisi. Shuningdek, u nafaqat mamlakat balki Shimoliy Afrika mintaqasida o‘tmishda qolgan XX asrning eng oxirgi rahbari edi”,— deya “Kommersant”ga intervyu bergan Rossiya fanlar akademiyasi arab va islom tadqiqotlari instituti rahbari Vasiliy Kuznetsov.

Olimning so‘zlariga ko‘ra prezident Buteflika Jazoir siyosiy tizimini shakllantirgan va ushbu tizim hukumat almashganiga qaramay hanuzgacha ishlab turibdi.

“Elitada qisman o‘zgarish sodir bo‘ldi, ammo Buteflika davrida yuqori lavozimlarda ishlagan siyosatchilar avlod qoldi va hali tizimdan chiqib ketmagan. Bugun Jazoirda transformatsiya jarayoni asta-sekin davom etmoqda, hukumat butun dunyo kabi nafaqat pandemiya va uning asoratlari bilan, balki xalqning davlatga ishonchsizligini kamaytirishi, shuningdek xalqaro tahdidlarga qarshi tura olishi talab etiladi”,— degan Kuznetsov.

Uning fikricha Buteflika boshqaruvining dastlabki davridagi tajribaga qaytish va uning diplomatik merosidan hozirgi sharoitlarda foydalanish Jazoir foydasiga xizmat qilishi mumkin.