Buxoro viloyatining “Qorako‘l” tashqi iqtisodiy faoliyati bojxona posti inspektori pora bilan qo‘lga olindi, deya xabar berdi “Daryo” muxbiri.

Ta’kidlanishicha, “Qorako‘l” tashqi iqtisodiy faoliyati bojxona postining Bojxona ko‘rigi va rasmiylashtiruvi guruhi katta inspektori N.N. o‘z xizmat mavqeyidan foydalanib, fuqaro Ch.R.ga yuqori lavozimdagi tanishlari orqali uning Turkmaniston hududidan keladigan yuk vagonlarini kompleksda turmagan deb ko‘rsatib, kunlik omborxona to‘lovlari to‘lanmaydigan holda deklaratsiya rasmiylashtirib berishga va’da bergan. Bu xizmati evaziga Ch.R.dan 400 dollar talab qilgan.

N.N. 2021-yilning 11-sentabr kuni, taxminan, soat 21:10 da Buxoro shahridagi “Shafran” kafesi oldida o‘ziga tegishli bo‘lgan Lacetti avtomashinasi salonida fuqaro Ch.R.dan 400 dollarni olgan vaqtida viloyat huquqni muhofaza qiluvchi idoralar xodimlari tomonidan qo‘lga olingan.

Mazkur holat yuzasidan N.N.ga nisbatan Jinoyat kodeksining 168-moddasi, 3-qismi “v” bandi (xizmat mavqeyidan foydalanib sodir etilgan firibgarlik) bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atilgan. Ayni paytda holat yuzasidan dastlabki tergov harakatlari olib borilmoqda.