Toshkentning Olmazor tumanida 15-sentabr kuni “Hizb ut-Tahrir” diniy ekstremistik tashkiloti a’zolarining jinoiy faoliyatiga chek qo‘yishga qaratilgan tezkor tadbirlar o‘tkazilib, ularning 10 nafari qo‘lga olindi.

IIV Terrorizm va ekstremizmga qarshi kurashish bosh boshqarmasi xabariga ko‘ra, ushbu aniqlangan “tahrirchilar”ning barchasi muqaddam mazkur tashkilot safida sodir etgan jinoyati uchun jazo muddatini o‘tab chiqqan shaxslardir.

Ular internet orqali xorijda yashirinib kelayotgan “Hizb ut-Tahrir” a’zolari bilan aloqa qilib, ularning ko‘rsatmalari asosida aholi orasida tashkilot g‘oyalarini targ‘ib qilish va tarafdorlari safini kengaytirish bilan shug‘ullanib kelgan.

Mazkur shaxslarning yashash manzillari va uyali aloqa vositalarida “Hizb ut-Tahrir”ga tegishli bo‘lgan adabiyotlar va materiallar mavjudligi aniqlanib, protsessual tartibda rasmiylashtirib olib qo‘yilgan.

Xabarda aytilishicha, hozirda ularning noqonuniy xatti-harakatlariga huquqiy baho berish va javobgarlikka tortish maqsadida, tergov-surishtiruv tadbirlari davom ettirilmoqda.

Bundan avval Toshkentda va Toshkent viloyatida “Hizb ut-Tahrir”ga a’zo 29 nafar ayol qo‘lga olingani haqida xabar berilgan edi.