Hindistonda koronavirus infeksiyasining fojiali to‘lqini minglab bolalarni ota-onasidan ayirdi. Hukumat ularga yordam berishni va’da qilgan bo‘lsa-da, ko‘pi e’tibordan chetda qolib, qarovsizlik va ekspluatatsiya xavfini boshdan kechirishda davom etmoqda. The New York Times nashri koronavirus sabab ota-onasidan ayrilgan va yolg‘iz qolgan bolalar haqida maqola e’lon qildi. “Daryo” ushbu maqolani o‘zbek tilida taqdim etadi.
G.Sonali Reddi Hindistonning sharqiy qirg‘og‘idagi, sirti turfa ranglar bilan bo‘yalgan, bejirimgina uyda onasining o‘rniga kunduzlari ovqat pishiradi, ukalarini ovqatlantiradi va tunda qo‘rquvlari zora arisa deya ularni uxlatishga urinadi.
Sonali endigina 14 yoshga to‘lgan bo‘lsa-da, oila tashvishini yelkalariga olgan. Otasi bir necha yillar oldin, arava uchun ehtiyot qismlar sotish bo‘yicha oilaviy biznesi kasodga uchragach joniga qasd qilgandi. Keyin may oyida onasi Sabita Hindistonni infeksiyaning shiddatli to‘lqini bosgan paytda COVID-19 ni yuqtirib oldi.
Tibbiy kislorod bilan eng yaqin shifoxonaga olib kelinganidan bir necha soat o‘tib, Reddi xonim vafot etadi.
“Onam bizni hayotning jaziramalari va yomg‘irlaridan soyabondek himoya qilardi”, — deydi Sonali ko‘z yoshlarini ichiga yutib. “Uni yonimda deb tasavvur qilaman. Shu narsa meni olg‘a borishga undaydi”.Hindistonda, shtat rasmiylarining ma’lumotlariga ko‘ra, pandemiya davrida yetim qolgan 3000 dan ortiq bolalar ichida Sonali va uning ukalari ham bor. Bu raqamlar mamlakat bo‘ylab yuz minglab inson umriga zomin bo‘lgan koronavirusning dahshatli oqibatlariga dalildir.
Shuncha yo‘qotilganlar orasida yetimlarning mushkul, ayanchli ahvoli jamoatchilikni larzaga keltirdi. Bu esa mamlakat qarshisida turgan, butkul himoyasiz bolalar bilan bog‘liq muammo tan olinganidan dalolat.
Hindiston shtatlari har bir yetim uchun oyiga 7 dollardan 68 dollargacha yordam puli ajratishni, shuningdek, ularni oziq-ovqat bilan ta’minlab, bepul ta’lim berishni aytdi. Bosh vazir Narendra Modi o‘z tvitida bolalarga “qadr-qimmat va imkoniyat eshiklari ochilishini” va’da qildi.
Lekin himoyachilar e’tibor muqarrar susaygach, yetimlar qarovsiz qolishi va ekspluatatsiya qilinishidan qo‘rqadi.
Bir vaqtning o‘zida butun oilasidan ayrilgan ba’zi bolalar davlat imtiyozlaridan foydalanish imkoniyatini beruvchi o‘lim to‘g‘risidagi guvohnomani olish jarayonida bunday muammolar bilan allaqachon to‘qnash kelib bo‘lgan. Ayrim bolalar uchun maktabga qaytish ham qiyin bo‘ladi.
Keyinchalik olis tumanlardagi kambag‘al oilalar yetimlari odam savdosi va bolalar nikohi qurbonlariga aylanishi mumkin. Yosh bolalarni pullash Hindistonda keng tarqalgan, ular jismoniy mehnat yoki jinsiy aloqa uchun qulga aylantiriladi. YuNISEF ma’lumotlariga ko‘ra, Hindiston bolalar nikohi soni bo‘yicha dunyoda birinchi o‘rinda turadi.
Aksar yetim bolalar uchun tutingan farzand bo‘lish, bunday amaliyotga qarshi milliy tabularni hisobga olganda, tanlov bo‘la olmaydi. Ayniqsa, yoshi katta bolalarni ko‘pchilik o‘z qaramog‘iga olmasligi mumkin.
“Halokatli fojia Hindistonni vayron qilgani sari hukumat o‘z qiyofasini saqlab qolishga harakat qilmoqda. Ular himoyasiz bolalarga osongina g‘amxo‘rlik qilishi haqida aytib, amalda ularning kichikroq guruhini yaratib beryapti, xolos”, — deydi pandemiya bilan bog‘liq ijtimoiy-huquqiy muammolar haqida yozgan, huquqshunoslik yo‘nalishi talabasi Medha Pande.Bir necha kun avval erta tongda Odisha shtatining Pattapur qishlog‘idagi bir guruh rasmiylar Sonalini yo‘qlab keldi, buvisi u yerga qizi o‘lganidan so‘ng ko‘chib kelgan.
Ular bolalarga “yetimlar nafaqasi”ni bergan, ammo bu pul yozdan chiqib olguncha yetadi, xolos. Ularning nomiga bankda hisob raqamlari ochilgan. Rasmiylar katta qoplarda guruch tashlab ketgan.
Ular hisob raqamdan qanday foydalanish kerakligi to‘g‘risida ko‘rsatmalar berayotganda Sonali ko‘zlarini katta-katta ochgancha diqqat bilan quloq solib turdi. Ukalari — 8 yashar Jagabaliya va 5 yoshli Bxabana opasining ko‘k ko‘ylagiga osilgancha qarshilaridagi kishilarga bee’tibor tikilib turardi.
Onasi o‘lmasidan avval ham ular yo‘qsillikda kun kechirgan. Beva qolgan Reddi xonim uylarining old tarafdagi xonasiga kichik bir yemakxona ochgandi. Qo‘liga tushadigan arzimas pulni Sonalining maktabdan keyingi to‘garaklariga sarflardi.
Sonali otasining o‘limidan so‘ng onasiga qattiq bog‘lanib qolgandi.
“Ukalarim onamni ko‘rishga boraylik deb yalinadi”, – deydi Sonali bosh barmoqlarini o‘ynab. “Dadam o‘lganida hech bo‘lmasa onam tirikligidan xursand edik. Lekin virus uni ham olib ketdi”.U yerdan yuzlab chaqirim narida, Haydarobod shahrining janubida Sonaliga begona 13 yashar G. Satvik Reddi ham ota-onasining so‘nggi infeksiya to‘lqini paytidagi vafotidan keyin singillaridan shunga o‘xshash o‘tinchlarni eshityapti.
Uning uch yoshli singlisi Xaanvi “oyisi” va “dadasi”ni ko‘rmoqchiligini aytsa, u qizaloqqa: “Ular ertaga uyga keladi”, – deb qo‘ya qoladi.
Ularning otasi Gopal fermer xo‘jaliklari uchun temir panjara yasardi. Millionlab o‘rtahol hind oilalari kabi ular ham farzandlarini xususiy maktabga berish ilinjida imkon boricha pul tejashga majbur edi. Onasi Dipa har yakshanbada bolalari uchun tovuqdan maxsus taomlar tayyorlab, Satvikga uy vazifalarini tayyorlashda yordam berardi.
Aprel oyida janob Reddi, Reddi xonim va bolalarning buvisi birin-ketin virus yuqtirib oldi. Hindistondagi doimiy tibbiyot kislorodi yetishmasligi, shuningdek, shifoxonalarning bemorlarni qabul qilmayotgani tufayli oila a’zolari davolanish imkon bo‘lmasligidan xavotirda edi.
Bir kuni kasalxonada Reddi xonimning qattiq tobi qochdi. Ikki hafta davomida intubatsiya holatida hushsiz yotdi. Janob Reddining o‘pkasi ham bir zumda yomonlashdi. May oyining boshlarida uchalasi ham bu dunyoni tark etdi.
Krematoriyada Satvik otasining yuzini plastik to‘siq ortidan bir lahzaga ko‘rib qoldi. O‘shanda bolakay iztirobdan karaxt bo‘lgandi. Hozir uyquga ketish oldidan ko‘p yig‘laydigan bo‘lib qolgan.
“Singlim uchun ham o‘zimni qo‘lga olishim kerak”, – deydi u.Shimoliy Hindistonning chang bosgan tekisliklarida yashovchi 18 yoshli Shavez Sayfining singlisi yarim kechasi uyg‘onib, chinqirganicha onasini chaqiradi. Shu payt uning ham ko‘z yoshlari sel bo‘lib oqadi.
Ularning ota-onasi Shamshod va Shabnam aprelda kasallangandi. Shavez ularni mahalliy shifokorga ko‘rsatdi, u esa koronavirusga test topshirishni tavsiya qildi. Biroq ota-o‘g‘ilning qurilish maydonidagi qisqarib borayotgan ishi va haqning kamayishini bilib Shabnam ularga Muradnagardagi uyga qaytib, davolanishni so‘raydi.
Bolalar bir xonali kulba tashqarisidagi ayvonda uxlar, ota-onasi esa kulba ichiga qamalib olgandi. Ota-onalarining ahvoli birdan yomonlashgach, bolalar bir qarindoshning uyiga ko‘chib o‘tdi. Bir necha kun o‘tib Shabnam vafot etdi. Yana bir necha kundan keyin erining ham joni uzildi.
Otasi bilan ishlash uchun o‘qishdan voz kechgan Shavez ortga ota-onasiz qaytgach, uy egasi kalitni ijara haqi to‘langanidan keyingina berishini aytib, ularni uyga kiritmagandi. Shavez va ukalari narsalarini yig‘ishtirib olishi uchun amakisi qarzning bir qismini to‘lash maqsadida birovdan qarz oldi.
Shavezning 9 yashar singlisi Kahkashon hammadan ko‘proq aziyat chekdi. U deyarli har kuni telefonni olib, onasi go‘yo boshqa joyda yashayotganday qo‘ng‘iroq qiladi va gaplashadi.
“Oyijon, qachon kelasiz? Sizni sog‘indim”, – deydi u.
“Yagona orzum – ukalarimni o‘qitish”, – deydi Shavez. “Ishdaligimda onam qo‘ng‘iroq qilib: ‘O‘g‘lim, kech bo‘ldi. Uyga qachon qaytasan?’ – deb so‘rardi. Endi menga hech kim qo‘ng‘iroq qilmaydi”, – deydi u.
Pattapurdagi Sonali ham o‘zini eng kuchli himoyachisini yo‘qotib qo‘yganday sezadi.
Qalin kundalikka, ota-onasining vafot etgan sanalari yozilgan sahifadan keyingisiga, Sonali onasiga atab bir she’r yozgan.
Yaqindagina u buni o‘z ukalariga baland ovozda o‘qib berdi:
Hayot past-balandidan o‘tgan onamiz bizni o‘stirdi,
Bu olamning eng cho‘qqisida turar va bizni doim qo‘llar u.
Onasiz bu dunyo bepusht, usiz borliqning rangi bo‘lakcha,
Uning dardini ololmaymiz-u, ammo bizning g‘amimiz aritar u.
Izoh (0)