6-sentabr kuni yangi o‘quv yilining boshlanishi bilan Toshkent ko‘chalarida uzundan uzoq tirbandliklar yuzaga keldi. Toshkent shahar Transport boshqarmasining ma’lum qilishicha, tirbandliklarga yengil avtomobillar va yo‘nalishsiz taksilarning ortgani sabab bo‘lmoqda.

Foto: “Daryo” / Madina Nurman

“Bu esa o‘z navbatida avtobus va yo‘nalishli taksilar oraliq vaqtining oshishiga olib keldi”, — deyiladi boshqarma xabarida.

Shuningdek, bayonotda ta’kidlanishicha, o‘quv mavsumining birinchi kunida yo‘nalishsiz taksi xizmatlariga bo‘lgan katta talabdan ayrim haydovchilar ko‘proq foyda olish maqsadida sun’iy ravishda yo‘nalishsiz taksi xizmatlari narxini keskin oshirib yuborgan va aholining haqli e’tirozlariga sabab bo‘lgan.

Transport boshqarmasi aholiga yo‘nalishsiz taksi xizmatlaridan mobil ilova orqali foydalanishni tavsiya etgan — “bunda vaqtingizni va pulingizni tejaysiz”. Shu bilan birga, jamoat transportida harakatlanishni rejalashtirish va kuzatish uchun mo‘ljallangan mobil ilovalar orqali kerakli transport yo‘nalishlarini onlayn tarzda kuzatish imkoni yaratilgani qayd etilgan. Ushbu ilovadan foydalanib, kerakli yo‘nalishning kelish vaqtini bilib, yo‘lini rejalashtirish orqali vaqt tejash mumkin.

Ta’kidlanishicha, barcha avtobus saroylarida jamoat transporti yo‘lovchilar oqimining ko‘payishiga oldindan tayyorgarlik ko‘rilib, harakatlanuvchi tarkib sanitar va texnik ko‘rikdan o‘tkazilgan hamda dezinfeksiya ishlari olib borilgan.

Tig‘iz vaqtda Toshkent shahar aholisiga jamoat transportining 1 397 ta harakat tarkibi, shu jumladan, 850 ta avtobus va 547 ta mikroavtobus xizmat ko‘rsatgan.

Bundan tashqari soat 07:30 dan 09:00 gacha metropolitenning “Chilonzor” metro yo‘nalishida 3 daqiqa, “O‘zbekiston” yo‘nalishida 4 daqiqa va “Yunusobod” yo‘nalishlarida 7 daqiqalik oraliq masofa bilan metro poyezdlari harakatlangan.