“Paxtakor” himoyachisi Ibrohimxalil Yo‘ldoshev faoliyatini Rossiya Premyer Ligasida davom ettiradigan bo‘ldi. Bu haqda klub matbuot xizmati xabar berdi.

Foto: “Nijniy Novgorod”

Qayd etilishicha, “Paxtakor” va “Nijniy Novgorod” klublari futbolchining transferi borasida kelishuvga erishgan. Tomonlarning necha yillik shartnoma imzolagani ma’lum qilinmagan.

Qayd etish joiz, avvalroq unga Italiyaning “Jenoa” klubi qiziqish bildirgani haqida xabar berilgandi.

Yo‘ldoshev yangi klubi matbuot xizmatiga bergan intervyusida nima sababdan “Nijniy Novgorod” variantini tanlaganini aytdi.

Menda juda ko‘p takliflar bor edi. Hamyurtim Eldor Shomurodov o‘ynagan Italiyaning “Jenoa” klubiga o‘tishga yaqin edim. Aynan Shomurodov menga o‘zimni Rossiya chempionatida sinab ko‘rishni maslahat berdi. Va qo‘llab-quvvatlagan Prosports Management agentlari hamda jamoa bosh murabbiyi Aleksandr Kerjakov bilan suhbatdan so‘ng “Nijniy”da qolishga qaror qilaman.

Ibrohimxalil Yo‘ldoshev, himoyachi 

Ma’lumot uchun, Yo‘ldoshev 2001-yilning 14-fevralida Sirdaryo viloyatida tug‘ilgan. U “Paxtakor” akademiyasi tarbiyalanuvchisi hisoblanadi. Ibrohimxalil “sherlar” safida 18 o‘yin o‘tkazib, 2 ta gol urgan. Shuningdek, u O‘zbekiston terma jamoasi a’zosi sanaladi.