Rossiyalik insayder Nobel Arustamyanning xabariga ko‘ra, “Jenoa” klubi O‘zbekiston terma jamoasi va “Paxtakor” futbolchisi Ibrohimxalil  Yo‘ldoshevni o‘z safiga qo‘shib olmoqchi.

Foto: “Paxtakor”

20 yoshli himoyachining transferi shu yozda amalga oshishi mumkin. Muzokara bilan ProSportManagement va Valerio Juffrida shug‘ullanadi. Aynan ular Shomurodovning “Jenoa”ga o‘tishi bilan shug‘ullangan edi.

Agar Yo‘ldoshev Italiyaga o‘tmoqchi bo‘lsa, 2021/22-yilgi mavsumni “Syon”da o‘tkazishiga to‘g‘ri keladi. Italiyaga Yevropa Ittifoqiga kirmaydigan mamlakatlardan keladigan legionerlar bilan bog‘liq shartlardan biri. “Jenoa” rahbariyati Yo‘ldoshevning Shveysariyada o‘tkazadigan bir mavsumi o‘zi uchun foydali bo‘ladi deb hisoblaydi — Yevropaga moslashadi, tilni mukammal o‘rganib, 2022-yilda Genuyaga tashrif buyuradi.

“Jenoa” Eldor Shomurodovni sotishni rejalashtirmayapti. Rahbariyat yana yarim yilda futbolchining narxi oshishini taxmin qilyapti.

Ibrohimxalil Yo‘ldoshev joriy mavsum “Paxtakor” safida 11 ta o‘yinda maydonga tushib, 2 ta gol urdi.

Eldor Shomurodov 2020/21-yilgi mavsum A Seriyada 31 o‘yinda maydonga tushib 8 ta gol va 1 ta golli uzatmani amalga oshirdi.