Bugun,

  • USD 10920.28
  • RUB 177.49
  • EUR 11052.42

Jons Hopkins universiteti ma’lumotlariga ko‘ra, dunyoda koronavirusga chalinganlar soni 213 418 193 kishiga yetdi, shularning 4 456 633 nafari vafot etgan. Kasallanganlar soni bo‘yicha AQSh (38 million), Hindiston (32,5 million), Braziliya (20,6 million), Fransiya (6,7 million) va Rossiya (6,7 million) eng oldinda bormoqda.

Shuningdek, ayni paytgacha butun dunyo bo‘ylab 5 milliarddan ortiq dozada vaksinalar qo‘llanilgan.

Foto: “RIA Novosti”

COVID-19 ga qarshi emlanmagan odamlar koronavirusga chalinganda, ularning kasalxonaga yotqizilish ehtimoli emlanganlarga qaraganda 29 barobar ko‘proq bo‘ladi. Bundan tashqari, emlanganlarning koronavirusga chalinish ehtimoli emlanmaganlarga qaraganda besh baravar kam.

Ushbu ma’lumotlar AQSh Kasalliklarni nazorat qilish va profilaktika markazi (CDC) tomonidan iyul oyi oxirida Kaliforniya shtatining Los-Anjeles okrugidagi epidemiologik vaziyat bo‘yicha olib borilgan tadqiqotlarda aniqlangan. Biroq okrugda 1-maydan 25-iyulgacha qayd etilgan kasallanish holatlarining 25 foizi emlangan amerikaliklarga to‘g‘ri keladi. Shu bilan birga, virus yuqtirganlarning 71 foizi emlanmagan, 3 foizi emlash kursini tugatmagan.

Emlangan, ammo virus yuqtirgan amerikaliklar haqidagi ma’lumotlar CDC’ning boshqa bir tadqiqotiga mos keladi, unga ko‘ra, koronavirus delta shtammining tarqalishi tufayli vaksinalar samaradorligi biroz pasaygan. Ma’lum bo‘lishicha, vaksinalarning himoya darajasi may oyining boshida 92 foiz bo‘lgan bo‘lsa, iyul oxiriga kelib taxminan 80 foizgacha tushgan.

Rossiya Federal majburiy tibbiy sug‘urta fondi hisob-kitoblariga ko‘ra, 2021-yilning ikkinchi yarmida koronavirus bilan kasallangan bemorlarga tibbiy yordam ko‘rsatishning ehtimoliy xarajatlari 111 milliard rubl (1,5 mlrd dollar)dan biroz oshadi. Ushbu miqdor Rossiya Sog‘liqni saqlash vazirligining kasallanish darajasi bo‘yicha prognozlariga asoslangan bo‘lib, ularga ko‘ra, bu davrda COVID-19 ga chalinish bo‘yicha 3,9 millionta yangi holat aniqlanishi mumkin, shu bilan birga 784 ming potensial bemorni kasalxonaga yotqizishga to‘g‘ri kelishi mumkin.

Qayd etilishicha, sug‘urta fondi yilning ikkinchi yarmida sug‘urtalangan rossiyaliklarga tibbiy yordam ko‘rsatish uchun 65,4 milliard rubl (886,8 mln dollar), ishchilarning ish haqi, kommunal to‘lovlar va boshqalarga kompensatsiya to‘lashga deyarli 60 milliard rubl (813,6 mln dollar) sarflaydi.

Mutaxassislarning ma’lumotiga ko‘ra, Sog‘liqni saqlash vazirligi pandemiyaning yangi turini bashorat qilmoqda, uning yuz berishi aniq emas, lekin bunday ssenariy uchun budjetga hozirdan pul ajratilgan. Ushbu ssenariyda respiratorli infeksiya va koronavirus mutatsiyasining umumiy o‘sishi kuzatilishi mumkin.

Yilning birinchi yarmida sug‘urta fondi koronavirus bilan kasallangan bemorlarga yordam berishga 218 milliard rubl (2,9 mlrd dollar) sarfladi, uning katta qismi shifoxonadagi bemorlarga yordam ko‘rsatish uchun sarflandi. Yil boshidan beri koronavirus bilan kasallangan 1,5 million bemor kasalxonaga yotqizilgan.

Shu bilan birga, Rossiyada 2021-yilning birinchi yarmida COVID-19 bilan kasallangan bitta bemorni kasalxonaga yotqizishning o‘rtacha narxi 135,4 ming rubl (1,8 ming dollar)ni tashkil etdi. Taqqoslash uchun boshqa turdagi kasallikka chalingan bemorni kasalxonaga yotqizish 41,5 ming rubl (562 dollar)ga tushgan. 2020-yil koronavirus bilan kasallangan bitta bemorni davolash qiymati 115 ming rubl (1,5 ming dollar)ga baholangan, COVID-19 bilan og‘rib, kasalxonaga yotqizilgan 2,1 million bemorga esa 245 milliard rubl (3,3 mlrd dollar)dan ortiq mablag‘ sarflangan. Mutaxassislarning fikricha, kasalxonaga yotqizish narxining oshishi inflyatsiya bilan ham, Rossiyada koronavirus yangi shtammining paydo bo‘lishi bilan ham bog‘liq bo‘lishi mumkin.

AQSh maktablari koronavirus tufayli yopilmoqda. Koronavirus avj olgani sababli AQShdagi bir qator maktablar aralash ta’lim shakliga o‘tishga yoki hatto o‘quvchilarni masofaviy ta’limga o‘tkazishga majbur bo‘lmoqda.

Qayd etilishicha, kichik shaharcha va qishloqlarda joylashgan kichik maktablar bolalarni uylariga jo‘natishni boshlagan. Xususan, Jorjiya shtatida talabalarning 40 foizi allaqachon karantin yoki izolyatsiyada. O‘tgan haftada okrug 13-sentabrga qadar onlayn ta’limga o‘tgan. Shtat ma’lumotlariga ko‘ra, so‘nggi ikki hafta ichida maktab yoshidagi har 100 boladan bittasida COVID-19 testi ijobiy chiqqan.

“Besh yoshdan 17 yoshgacha bo‘lgan bolalarda koronavirus testining ijobiy chiqishi holati kattalarga qaraganda tez-tez uchraydi”, — deyiladi xabarda. Bir qator maktablar rejalashtirilganidan kechroq ish boshlaydi. Bungacha AQShda mamlakat bo‘ylab maktablar masofaviy o‘qitmasdan, odatiy hayotga yaqinlashishi mumkin degan umidlar katta edi, masofaviy ta’lim “ba’zi ota-onalarning ishiga to‘sqinlik qilgan va ko‘plab o‘quvchilarning o‘zlashtirish darajasini yomonlashtirgan”.

Shuningdek:
  • So‘nggi ikki oyga nisbatan hozir butun dunyoda koronavirusning tarqalish tezligi barqarorlasha boshladi. Jahon sog‘liqni saqlash tashkiloti (JSST) ma’lumotlariga ko‘ra, 16 dan 22-avgustgacha bo‘lgan haftada butun dunyo bo‘ylab taxminan 4,5 million kishida koronavirus qayd etildi. Avvalgi haftada 4,4 milliondan ortiq kishida virus aniqlangandi. JSST ta’kidlashicha, bu shuni anglatadiki, deyarli ikki oy davomida ko‘tarilib borgan yangi kasallanish holatlari so‘nggi haftalarda barqarorlashayotgan bo‘lishi mumkin. Dunyo bo‘ylab koronavirusdan o‘limlar soni o‘tgan haftada 68 mingtani tashkil etgan bo‘lsa, 9-avgustdan 15-avgustgacha 66 mingdan ortiq o‘lim qayd etilgandi,

Izoh
Asosiy yangiliklar
Mahalliy
Toshkent xalqaro aeroportida sumka va kolyaskada qariyb 1,2 kg tilla buyumlarni olib o‘tmoqchi bo‘lgan shaxs ushlandi
Mahalliy
Jizzaxda aliment pulini undirish uchun borgan MIB xodimi pichoqlandi
Dunyo
Bangladesh talabalari yoqilg‘i narxi oshishiga qarshi norozilik namoyishi o‘tkazdi