Bugun,

  • USD 11095.31
  • RUB 173.84
  • EUR 10772.44

Andijon viloyatining Jalaquduq tumanidagi Abdullabiy qishlog‘ining “Ibrat” mahallasida yashovchi aholining katta qismini qirg‘iz millatiga mansub fuqarolar tashkil etadi. Hududga yo‘lingiz tushsa, urf-odat, an’analarning yakdillik bilan, bir yoqadan bosh chiqarib o‘tkazilishini ko‘rsangiz, havasingiz kelishi aniq. Ikki millat vakillarining rishtalari nafaqat do‘stlik, balki quda-andachilik bilan ham yanada mustahkamlangan. Rajabali Kamolov aynan ushbu hududda yashaydi. 1972-yilda tavallud topgan Rajabali ayni bolalik paytida hamma qatori o‘ynab kuladigan, bilim oladigan mahalida nogiron bo‘lib qolgan. “Daryo” muxbiri u bilan suhbat qurdi.

Shifokorlar poliomiyelit ekanligimni yashirishgan...

“Barcha bolalar kabi sog‘lom dunyoga kelganman. Bolalikdan sport bilan ham shug‘ullanganman. Maktabda a’lo baholarga o‘qiganman. O‘shanda beshinchi sinfda o‘qirdim. Uyimizdan bir yarim chaqirim uzoqlikdagi maktabga tengdoshlarim bilan har kuni piyoda qatnardik. Qish-qirovli kunlarning birida to‘satdan belimda og‘riq paydo bo‘la boshladi. Avvaliga sovuqning asorati deb o‘yladik. Kundan kun og‘riq kuchayavergach, otam meni tuman shifoxonasiga olib bordi. U yerda o‘n kuncha davolandim. Ammo foydasi bo‘lmadi. Qaytanga, oyoqlarim majolsizlana boshladi. Viloyat shifoxonasiga bordik. U yerdagilar esa yiqilgansan, deya uqtirishdi. Lekin jiddiyroq yiqilganimni hech eslolmayman. Shu zaylda bir nechta kasalxonalarda davolanishga harakat qilganman. Lekin ahvolim o‘zgarmagan. Holatim faqat og‘irlashavergan.

Rajabali Kamolov.

Rajabali Kamolov.
Foto: “Daryo”

Sekin-sekin bu vaziyatga moslashdim. Tashxislar natijasiga ko‘ra, shifokorlar dastlab shamollagan radikulit, undan so‘ng poliyemelit deyishdi. Shunday qilib tashxis qo‘yishda qiynalishgan. Chunki u vaqtda tibbiyot ham bugungidek rivojlanmagan edi. Keyin bilsak, sobiq ittifoqning bizda poliomiyelit kasalligi tamomila tugatildi, degan iddaolariga mening kasalligim to‘g‘ri kelmay qolgan ekan va shifokorlar buni yashirishgan. Shunday paytlar bo‘lganki, shifoxonaga tekshiruvchilar kelganida meni boshqa xonalarga olib chiqib, ularga ko‘rsatishmas edi. Kasalxonalarga borganimizda qabul qilishmas, boshqa kuni keling, deb qaytarishardi. Men esa hayron bo‘lib qolaverardim.

Oilada sakkiz nafar farzandmiz — bir opam Qirg‘izistonga kelin bo‘lib tushgan. O‘sha opam Toshkentga, televideniyega, radioga ukamni ahvoli og‘ir bo‘lgan holatda ham shifoxonalarga qabul qilishmayapti, degan ma’noda ariza yozgan. Ana shundan so‘ng Andijon shahridagi bolalar shifoxonasiga joylashtirishgan. 1983-yilda kasallik boshlangan bo‘lsa, 1984-yilga kelib 1 yildan so‘ng ushbu shifoxonaga qabul qilinganman. Balki, vaqtida qabul va muolajalarni qilganlarida edi, bunday oqibatlarga olib kelmagan bo‘larmidi. Opalarim bu kasalliklarning asoratlari dahshatli ekanligini bilganlari uchun meni davolashga ko‘p harakat qildi. Asakadagi sihatgohlarda ham yotdim, rejimlarga qo‘yishdi. Biroq mutaxassislar kech olib kelibsizlar, deyishgan”, — deydi suhbatdoshimiz.

Kitoblar meni tushkunlikdan olib chiqqan

“Bolalikda o‘ksish, armonlar bo‘lgan. Biroq hayot davom etarkan. Sekin-sekin moslashdik, ko‘nikdik va yana hayotni o‘z yo‘liga qo‘yishga harakat qildik. O‘zimni o‘zim tushkunlikdan olib chiqdim. Bunda menga juda ko‘p kitoblar yordam berdi. Falon kitob chiqibdi desam, oila a’zolarim o‘sha kunning ertasigayoq uni topib kelishardi. Bu shunchaki baland parvoz gaplar emas, kitob — bolalar, kattalar tasavvur qilganidan-da ko‘proq qudratga ega. Uni o‘qish kerak, jiddiyroq yondashish kerak. U xoh ilmiy, xoh badiiy bo‘lsin tanlab o‘tirmasdan o‘qirdim. Qo‘limga jurnal tushadimi boshqasimi, o‘qilmasdan qolmasdi. Endi bilsam, ular juda katta foyda bergan ekan. Chunki tushkunlikka tushgani vaqt bermagan.

Rajabali Kamolov.

Rajabali Kamolov.
Foto: “Daryo”

Hayotdan noliydigan odamlar bor. Hayron qolaman. Bilagida kuchi bo‘la turib, qiladigan ishini bilmaydi. Buni sababi kitob o‘qimaganligi, bilimsizligi. Kitob o‘qisa o‘ziga o‘zi motivatsiya berib, ruhlantirib, juda ko‘p narsaga erishish mumkin. Men yoshlarga havas qilaman, ularni barcha imkoniyatlari bor.

Kitob o‘qishdan tashqari, adabiyot sohasida ko‘p ishlar qilaman. Birinchi she’rim “Amir Temur bobojon, mana, mustaqildir yurtingiz”, deb nomlangan, O‘zbekiston mustaqilligining 1 yilligiga atab yozilgan. She’r o‘zimizning tuman gazetasida e’lon qilingan. Shundan beri she’r, hikoyalar yozib kelaman. Ijodiy ishlarim tuman, viloyat va respublika nashrlarida chop etilgan. 2001-yilda bitta kitobim chiqqan. Shu kunlarda yana bir kitobimni nashrga tayyorlayapmiz”, — deydi Rajabali Kamolov.

Foto: “Daryo”

Oshxona idishlaridan haqiqiy kombayngacha tuzata olyapman

“O‘sha ruhan og‘ir kunlar, tushkunlik meni yenga boshladi. Yashashdan sovib bo‘lgandim. Ana shunday kunlarning birida otam menga ‘O‘g‘lim, seni hunarli qilib qo‘yganimda yaxshi bo‘lardi’, deya o‘zidan xafa bo‘lib ketganini ko‘rdim. Va nihoyat yigirma besh yilcha avval o‘zimda kuch-iroda topdim. Otamga bozordan velosiped buyumlarini olib kelishini iltimos qildim va ularni joy-joyiga qo‘yib, yig‘ishga kirishdim. Boshida sal qiynaldim, ishim o‘xshamadi, ammo shijoat so‘nmadi va o‘z maqsadimga erishdim. Dastlab qarindosh-urug‘lar, so‘ng mahalladagilarning velosipedlarini tuzata boshladim. Hozir oshxona idishlaridan haqiqiy kombayngacha tuzata olyapman. Birovga muhtoj emasman, odamlarga foydam tegayotganidan xursandman. Bir yigitga qirq hunar oz degandek, boshqa ko‘plab sohalarda ham amaliy ishlarim bor. Bunga o‘zingiz guvohi bo‘lishingiz mumkin. Charxchilik qilaman, vulkanizatsiyam, payvandlash uskunam ham bor. Aka-ukalarim, qo‘shnilarimdan eshitib bularni o‘zim o‘rganganman. Ba’zilar kelib o‘rgatib ketishardi. Bir kuni ko‘chada o‘tirsam, bir mahalladoshimiz “ha, usta” dedi, bu menga motivatsiya bo‘ldi. Shundan beri qo‘ni-qo‘shnilarning televizorning antennasidan tortib, konserva yopgichlargacha qo‘limdan kelganicha tuzatib beraman. Kosiblik, tikuvchilik, sartaroshlik, hatto chilangarlik ham qilaman. Mana, ko‘rib turganingizdek, bugun butun qishloqning maishiy texnika ustasiman”, — deydi qahramonimiz.

Suhbatdosh: Umidjon Mamarasulov

Operator: Elyorbek Mamajonov

Izoh
Asosiy yangiliklar
Mahalliy
O‘zbekistonda Urug‘chilik hamda pistachilik ilmiy markazlari tashkil etiladi
Dunyo
Qirg‘izistonda 9 kishida “Seftriakson”ga allergik reaksiya kuzatildi, bir kishi vafot etdi
Maslahatlar
Shirinliklar o‘rniga nima iste’mol qilish mumkin? Qaddi-qomatga zararsiz tavsiyalar