Ijtimoiy tarmoqlarda yangi o‘quv yilida ta’lim jarayonining an’anaviy (oflayn) tarzda boshlanishi haqida tarqalgan xabarlar yuzasidan Oliy va o‘rta maxsus ta’lim vazirligi munosabat bildirdi.

Ma’lum qilinishicha, Oliy va o‘rta maxsus ta’lim vazirligi tomonidan oliy ta’lim muassasalarining pandemiya  sharoitida sanitariya-gigiyena qoidalariga rioya qilgan holda ta’lim jarayonini an’anaviy (oflayn) tarzda tashkil etish bo‘yicha tayyorgarlik holati o‘rganilmoqda.

O‘rganishlar natijasiga ko‘ra tegishli ma’lumotlar Vazirlar Mahkamasiga taqdim etiladi. Oliy ta’lim muassasalarida ta’lim jarayonini tashkil etish yuzasidan yakuniy xulosa tasdiqlangandan so‘ng, vazirlik sayti va ijtimoiy tarmoqlaridagi sahifalari orqali rasmiy tarzda e’lon qilinadi.

Oliy va o‘rta maxsus ta’lim vazirligi talabalardan pandemiya sharoitida sanitariya-gigiyena qoidalariga qat’iy rioya qilishlarini, ularning ota-onalaridan ham farzandlari sog‘lig‘iga mas’uliyat bilan qarashlari va, albatta, vaksinatsiya jarayonida faol ishtirok etishlarini so‘ragan.

“Emlash talabalarning yaxshi bilim olishlari bilan bir qatorda o‘zlari hamda professor-o‘qituvchilarning ham sog‘-salomat bo‘lishini ta’minlaydi”, – deyiladi xabarda.

Bundan avval O‘zbekistondagi OTMlarda o‘qiyotgan talabalarning necha foizi qizlar ekani, Yangi O‘zbekiston universitetiga kirish imtihonlari sentabr boshida o‘tkazilishi hamda O‘zbekistonda 6-sinfdan a’lo bahoga o‘qigan va xulqi yaxshi bo‘lgan maktab bitiruvchilari OTMga imtihonsiz kirishi mumkinligi haqida xabar berilgandi.