Qirollik oilasining qaysi vakillari mashhurlar bilan iliq munosabatda ekani haqida ma’lumot berib o‘tamiz.
Shahzoda Uilyam
Britaniyaning bo‘lajak taxt vorisi Devid Bekxem bilan juda ham yaxshi munosabatda. Ularning do‘st tutinishiga futbol sababchi bo‘lgan. Ma’lumki, Uilyam bolaligidan ushbu sport turi bilan shug‘ullanadi, 2006-yilda esa Britaniyaning futbol assotsiatsiyasining prezidenti lavozimini egallagan. Bugungi kunda u Devid bilan birga futbolni ommalashtirish maqsadida mamlakatidagi barcha sport musobaqalariga tashrif buyuradi. Kembrij gersogi, shuningdek, “Jodu saltanati” yulduzi Eddi Remeyn bilan ham og‘ayni. Ular Eton kollejida birgalikda o‘qigan. Bitirganidan keyin ham do‘stona munosabatlarini saqlab qolgan.
Keyt Middlton
Uilyamning Devid bilan munosabatlari sabab Keyt ham Viktoriya bilan tez-tez ko‘rishib dugona bo‘lib qolgan. Insayderlarning ma’lum qilishicha, ayollarning har ikkisini moda va onalik bilan bog‘liq qiziqishlar birlashtirgan. Bekxemlar Londonga ko‘chib kelganidan keyin esa aloqalar yanada mustahkamlangan.
Shahzoda Garri
Shahzoda Garri Megan Markl hayotida paydo bo‘lgunicha Kara Delevin bilan do‘st tutingan. Ular 2015-yilda umumiy do‘stlari tashkil qilgan ziyofatda tanishgan. Shuningdek, aktyor Tom Hardi ham shahzodaning do‘stlari qatoridan o‘rin olgan. To‘ydan keyin Megan va Garri Jorj hamda Amal Kluni bilan muloqot qila boshlagan, birgalikda ko‘p vaqt o‘tkazgan. Insayderlarning ma’lumot berishicha, oilalar hatto farzandlarini ham tanishtirishni istagan.
Megan Markl
Meganni yulduzlar bilan do‘stlashish bo‘yicha chempion deb atash mumkin. U Klunilar oilasidan tashqari, Priyanka Chopra, Serene Uilyams bilan ham yaxshi munosabatda. Uning tanishlari sonini sanab adog‘iga yetib bo‘lmaydi. Markl to‘yiga tanigan-tanimagan boshqa yulduzlarni taklif qilgani sabab bir necha marta tanqid qilingan. Eski, ommaga ma’lum bo‘lmagan do‘stlarini esa allaqachon unutib ulgurgan.
Qirolicha Raniya
Iordaniya qirolichasining aktrisa Nikol Kidman bilan do‘stlashganiga bir necha yil bo‘lgan. Ular xayriya kechasida tanishgan. Koridorda urilib ketgan ayollar bir zumda bir-biri bilan chiqishib ketgan. Ushbu suhbat do‘stlikka sabab bo‘lgan. Qirollik oilasiga yaqin manbaning ma’lum qilishicha, Nikol o‘zining samimiyati bilan ilk lahzalardayoq Raniyaning ko‘nglidan joy olgan.
Mavzuga doir:
- Hayotda bir-biri bilan yaqin do‘st bo‘lgan Gollivud aktyorlari (foto)
- Shon-sharaf xiyobonida o‘z ismi abadiylashtirilishini rad etgan Gollivud yulduzlari (foto)
- Gollivud yulduzlarining kelishgan tansoqchilari (foto)
- Stallone, Shvarsennegger va 90-yillardagi boshqa mashhur Gollivud aktyorlarining sohibjamol qizlari (foto)