Vazirlar Mahkamasining “Hayotiy muhim infratuzilmalarni qo‘llab-quvvatlash dasturi: elektr energiya sohasini qo‘llab-quvvatlash” loyihasini amalga oshirish chora-tadbirlari to‘g‘risidagi qarori qabul qilindi, deb xabar beradi Norma.

Foto: Flickr

Unga ko‘ra, Yevropa tiklanish va taraqqiyot banki (YeTTB) O‘zbekistonga soha rivoji uchun 81,6 million yevro miqdorida kredit ajratadi.

Kredit mablag‘lari 7 yil muddatga, 30 oylik imtiyozli davr bilan yillik 1 foiz plyus 6 oylik Euribor stavkasida va majburiyat uchun komissiya 0,5 foiz stavkasida taqdim etilgan.

Qaror bilan “Issiqlik elektr stansiyalari” AJ loyihaning amalga oshirilishini muvofiqlashtirish va monitoring qilish bo‘yicha mas’ul etib belgilangan.

Shuningdek, “Toshkent issiqlik elektr stansiyasi”, “Navoiy IES”, “Sirdaryo IES”, “Taxiatosh IES”, “Talimarjon IES” AJ aylanma mablag‘lari va operatsion likvidlik ehtiyojlarini moliyalashtirish uchun YeTTB tomonidan ajratiladigan qarzdan maqsadli hamda samarali foydalanish bo‘yicha tashabbuskor mas’ul ijrochilar — qarz oluvchilar hisoblanadi.

Bank tomonidan ajratilgan qarzni qaytarish, foizlar, bir martalik komissiya va boshqa xarajatlar bilan bog‘liq to‘lovlar tegishliligi bo‘yicha IESlarning o‘z mablag‘lari hisobidan amalga oshiriladi.

Avvalroq Samarqand O‘zbekistonda birinchi bo‘lib YeTTBning “Yashil shaharlar” dasturiga qo‘shilgani, Yevropa tiklanish va taraqqiyot banki ishtirokida Chust, Pop va Namangan tumanlaridagi ichimlik suvi ta’minoti yaxshilanishi to‘g‘risida xabar berilgandi.