Janubiy Afrika Respublikasi (JAR)da o‘tgan hafta tartibsizliklar, qirg‘in va talon-torojlar boshlandi — bu aparteid rejimi qulaganidan buyon sodir bo‘lgan eng yirik tartibsizliklar. Namoyishlar sobiq prezident Yakob Zumaning hibsga olinishi bilan boshlangan bo‘lsa-da, qashshoqlik va amaldagi hukumatdan norozilik tufayli yanada kuchaydi. 70 dan ortiq odam tartibsizliklar qurboniga aylandi. Meduza JARning ziddiyatlar avj olgan ikki provinsiyasi — Gauteng va KvaZulu-Nataldan olingan fotosuratlarni taqdim qildi.

Foto: LETA

JARdagi tartibsizliklar bir haftadan buyon davom etmoqda. Ular sobiq prezident Yakob Zuma 7-iyul kuni 15 oylik qamoq jazosini o‘tash uchun politsiyaga taslim bo‘lganidan keyin boshlandi. Sobiq prezident o‘ziga qarshi olib borilayotgan korrupsiya ishi bo‘yicha ko‘rsatma berish to‘g‘risidagi sud buyrug‘iga bo‘ysunmagani uchun qamoqqa olingan. 2009—2018-yillarda JAR rahbari bo‘lgan 79 yoshli Zuma aholining kambag‘al qatlami orasida haligacha mashhur.

Zumaning qamalishiga qarshi boshlangan harakatlar tez orada minglab odamlar ishtirokidagi ommaviy qirg‘inga aylandi. Oqibatda 72 kishi halok bo‘ldi (ularning 10 nafari Souetodagi savdo markazini talon-toroj qilish paytida tiqilinchda o‘lgan), 1200 dan ortiq odam hibsga olindi.

Foto: Reuters

Tartibsizliklar JARdagi to‘qqiz provinsiyaning ikkitasini qamrab oldi. Ulardan biri Gauteng bo‘lib, unda mamlakatning eng yirik shahri va iqtisodiy markazi Yoxannesburg joylashgan. Ikkinchi provinsiya Kavzuly-Natal esa Zuma tavallud topgan joy, shuningdek, u yerda yana bir yirik shahar Durban joylashgan.

Foto: LETA

Foto: LETA

Foto: EPA

Namoyishchilar yo‘llarni to‘sib, binolarga o‘t qo‘ymoqda, do‘konlarni, omborlarni va bankomatlarni talamoqda. Tartibsizliklar ta’sirida qolgan hududlarda koronavirusga qarshi emlash punktlari yopildi, politsiya esa murojaatlarni qabul qilishni deyarli to‘xtatdi.

Foto: Getty Images

JAR prezidenti Siril Ramafosa hozirgi tartibsizliklarni 1994-yilda aparteid rejimi qulaganidan buyon sodir etilgan eng yirik tartibsizliklardan biri deb atadi. “Hech qanday norozilik yoki siyosiy sabablar zo‘ravonlik va qirg‘inni oqlay olmaydi”, — dedi prezident.

Ma’lumot uchun, aparteid rejimi Janubiy Afrikada 1948-yildan 1994-yilgacha rasman olib borilgan irqiy ajratish siyosati. Janubiy Afrikaning qora tanli aholisi vakillari deyarli barcha fuqarolik huquqlaridan mahrum etilgan, ularga maxsus rezervatsiyalarda yashash, ularni faqat maxsus ruxsatnomalar bilan tark etish buyurilgan. Keng ma’noda, aparteid har qanday yo‘nalish bo‘yicha ajratish rejimini anglatadi.

Foto: EPA

Tartibsizliklar sodir bo‘lgan hududlarda politsiyaga yordam berish uchun, taxminan, 2500 nafar harbiy jalb qilingan, ammo bu namoyishlarni bostirishga yordam bermadi. BBC ta’kidlashicha, Ramafosa 2020-yili butun mamlakat bo‘ylab joriy qilingan lokdaunni nazorat qilish uchun 70 ming harbiyni safarbar qilgandi.

Foto: LETA

Foto: AFP

Foto: AFP

Keng ko‘lamli tartibsizliklar sababi nafaqat sobiq prezidentning hibsga olinishi, balki qashshoqlik hamdir. JARdagi 60 million aholining yarmidan ko‘pi qashshoqlik yoqasida yashaydi, mamlakatda ishsizlik darajasi 32 foizdan oshadi (yosh aholi orasida 46 foizdan ham ortiq).

Foto: AFP

Koronavirus pandemiyasi boshlanganidan beri, JARda bir qator uzoq muddatli va qat’iy lokdaunlar joriy qilindi, jumladan, alkogol mahsulotlari va sigaretalarni sotish taqiqlandi. Cheklovlar tufayli aholining eng qashshoq qatlamlari zo‘rg‘a kun kechira boshladi; odamlar oziq-ovqat va boshqa asosiy mahsulotlarga navbatda turardi. Delta shtammning tarqalishi sababli iyun oyi oxirida JARda yana bir lokdaun joriy etildi. Shu bilan birga, mamlakatda vaksinatsiya sust bormoqda: aholining 7 foizidan kamrog‘i vaksinaning kamida bitta dozasini olgan.

Foto: EPA

Foto: AFP

Foto: AP Photo

Foto: AP Photo

Foto: Reuters

Foto: AFP