Bugun,

  • USD 11095.31
  • RUB 173.84
  • EUR 10772.44

Suriyada 26-may — prezident saylovlariga ovoz berishning asosiy kuni bo‘ldi. Ovoz berish Bashar al-Asad rejimi tomonidan nazorat qilinadigan hududda o‘tkazildi. 2000-yildan beri davlatni boshqarib kelayotgan prezident saylov kampaniyasining favoriti hisoblanadi. AQSh va Yevropa Ittifoqining yetakchi davlatlari ovoz berish jarayonini qoraladi, Rossiya esa ovoz berish qonuniy olib borilayotganini da’vo qilmoqda. “RBK” Suriyada prezident saylovi qanday o‘tgani haqida fotoreportaj tayyorladi.

Foto: Reuters

Suriya prezidenti Bashar al-Asad va uning rafiqasi Asma Damashq atrofida joylashgan Duma shahridagi saylov uchastkasida ovoz berdi. Harbiy mojaro paytida Duma bir necha yil davomida muxolifat nazorati ostida bo‘lgan, 2018-yilda shaharda kimyoviy qurol ishlatilgan. To‘rtinchi yetti yillik muddatga qayta saylanayotgan Asad jurnalistlarga mamlakatdagi urushni fuqarolar urushi deb atamaslik lozimligini aytdi.

“Bizning bu yerda turishimiz shundan dalolat beradiki, Suriyada u yoki bu mintaqa, u yoki bu diniy jamoat o‘rtasida qarama-qarshilik mavjud emas. Suriyada g‘arb ta’kidlayotgan fuqarolar urushi bo‘lmagan”, — deydi u.

Foto: “TASS”

Suriyada 51 kishi prezidentlik saylovida qatnashish istagini bildirgan edi, ammo atigi uch kishi ro‘yxatdan o‘tishga muvaffaq bo‘ldi. Saylovlarning favoriti 55 yoshli Bashar al-Asad bo‘lib, u 2000-yilda otasi Hofiz al-Asad vafotidan keyin davlat rahbari bo‘lgan. Saylovlarda, shuningdek, Sotsialistik Ittifoqchi partiyasining sobiq deputati Abdulla Sallum Abdulla va vatanparvar muxolifat vakili Mahmud Ahmed Muray ishtirok etmoqda.

Abdulla 1956-yilda Halab provinsiyasida tug‘ilgan. U Xalq Kengashi (parlament) a’zosi, 2016—2020-yillarda parlament ishlari bo‘yicha vazir bo‘lgan.

Prezidentlik uchun uchinchi nomzod Mahmud Ahmed Muray 1957-yilda Damashq atrofida tug‘ilgan. U Suriya inson huquqlari tashkilotiga rahbarlik qiladi, shuningdek, 2016-yil dekabrida tashkil etilgan “Muxolifat demokratik fronti” bosh kotibi lavozimiga egalik qiladi.

Foto: Reuters

Mamlakatda va chet elda 18 millionga yaqin suriyaliklar ovoz berish huquqiga ega. Chet eldagi fuqarolar elchixonalarda ovoz berishi mumkin. Ushbu saylov 2011-yilda harbiy qarama-qarshilik boshlanganidan buyon o‘tkazilayotgan ikkinchi saylov. Avvalgi prezidentlik saylovlari 2014-yilda bo‘lib o‘tgan edi. Ovoz berishda Suriya fuqarolarining 73,5 foizi ishtirok etgan. Bashar al-Asad 88,7 foiz saylovchilarning qo‘llab-quvvatlashi bilan saylovda g‘alaba qozongan.

Foto: Reuters

Idlib provinsiyasida saylovlarga qarshi namoyishlar bo‘lib o‘tdi. Namoyish ishtirokchilari vatandoshlarni saylov uchastkalariga bormaslikka va “o‘z uyini o‘ylab ovoz berishni boykot qilishga” chaqirdi. Idlibda saylovlar o‘tkazilmadi, chunki provinsiya Turkiya tomonidan qo‘llab-quvvatlanadigan muxolifat nazorati ostida.

Idlibdagi norozilik namoyishi

Idlibdagi norozilik namoyishi
Foto: Reuters

Ovoz berishga qarshi namoyishlar nafaqat Suriyaning Asad nazorat qilmaydigan qismida, balki boshqa mamlakatlarda ham bo‘lib o‘tdi. Mamlakatni tark etishga majbur bo‘lgan va ayni paytda Germaniyada yashayotgan suriyaliklar Berlindagi Suriya elchixonasida norozilik namoyishi o‘tkazdi. Istanbulda joylashgan muxolifat va inqilobiy kuchlar milliy koalitsiyasi saylovlarni qonuniy emas deb e’lon qildi. Koalitsiya rahbari Nasr al-Xaririning ta’kidlashicha, amaldagi prezident o‘n yil oldin mamlakatda birinchi to‘qnashuvlar boshlanganda qonuniyligini yo‘qotgan.

Foto: Reuters

Yangi muddatga qayta saylanayotgan Bashar al-Asad hokimiyatni to‘liq o‘zida saqlab qolishga kafolat bermoqda. 2020-yilda mamlakatda parlament saylovlari bo‘lib o‘tgan edi. Unda saylovchilarning 33 foizi ishtirok etgan. Asadning “Baas” partiyasi boshchiligidagi hukmron koalitsiya parlamentdagi 250 o‘rindan 177 tasini qo‘lga kiritgan.

Foto: AP Photo

Saylov uchastkalarida uzun navbatlar yuzaga keldi. Mamlakatda hammasi bo‘lib 12 mingta saylov uchastkasi tashkil etilgan. Saylov uchastkalarida faollik shu qadar yuqoriligidan mamlakatda ovoz berish 5 soatga uzaytirildi. 07:oo da boshlangan jarayon aslida 19:00 da tugashi kerak edi, ammo yarim kechasigacha davom etdi.

Mutaxassislarning fikriga ko‘ra, mamlakat qiyin davrni boshdan kechirayotgan bo‘lsa-da, Asad katta ustunlik bilan g‘alaba qozonishi kerak.

Bu yil yaxshi boshlanmadi — mamlakatda asosiy mahsulotlar narxi keskin ko‘tarildi, benzin va boshqa yonilg‘i yetkazib berishda uzilishlar qayd etildi, bu AQShning yangi sanksiyalari va qo‘shni Livandagi iqtisodiy inqiroz bilan bog‘liq.

Foto: Reuters

Prezidentlikka nomzod Mahmud Muray Damashqda ovoz berdi. Qonun bo‘yicha nomzod 40 yoshdan kichik bo‘lmasligi, mamlakatda kamida o‘n yil yashagan musulmon bo‘lishi kerak. Shuningdek, chet el fuqaroligiga ega bo‘lmasligi lozim.

Saylovchilar identifikatsiyasi uchun barmoq izidan foydalaniladi

Saylovchilar identifikatsiyasi uchun barmoq izidan foydalaniladi
Foto: Reuters

Ovoz berish jarayoni bir necha mamlakat vakillari tomonidan kuzatilmoqda. Rossiya Davlat Dumasidagi delegatsiya rahbari Dmitriy Sablin jurnalistlarga saylovlar erkin va xalqaro standartlarga muvofiq ravishda o‘tayotganini aytgan.

AQSh, Fransiya, Germaniya, Italiya va Buyuk Britaniya vakillari saylovlar na adolatli va na oshkora bo‘lib o‘tganini va qonuniy deb tan olinmasligini ta’kidladi. G‘arb davlatlari ovoz berish jarayoni BMT Xavfsizlik Kengashi tomonidan kelishilgan Suriya mojarosini siyosiy tartibga solish parametrlariga mos kelmasligini ta’kidlamoqda.

Izoh
Asosiy yangiliklar
Mahalliy
Nukus voqealari bo‘yicha sudlangan Polat Shamshetov tergov hibsxonasida vafot etdi
Dunyo
Turkiyada 7,4 magnitudali zilzila yuz berdi
Dunyo
Moskva metrosidagi eng yirik terakt, Olimpiada o‘yinlariga mezbonlik qilgan Gitler va 25 yoshida Britaniya taxtiga o‘tirgan Yelizaveta. Kun xronologiyasida 6-fevra...