Navoiy viloyatida piyodalar, ayniqsa, bolalar ishtirokidagi yo‘l transporti hodisalarining oldini olish maqsadida yo‘l harakati qoidabuzarliklarini kuzatib boradigan “Vaziyatlar markazi” faoliyat boshladi. Bu haqda “Daryo”ga Navoiy viloyat IIB YHXB matbuot guruhi rahbari Farrux Yakubov ma’lum qildi.
Ta’kidlanishicha, keyingi ikki yil ichida Navoiyda YTHlar, ayniqsa, bolalar ishtirokidagi YTHlar soni oshgan. Shunga ko‘ra, viloyat IIB YHXBda zamonaviy texnologiyalar bilan jihozlangan “Vaziyatlar markazi” faoliyati yo‘lga qo‘yilgan. Ushbu markazda videokuzatuv qurilmalari orqali qayd etilgan huquqbuzarlik holatlari to‘g‘risidagi videoyozuvlarni qabul qilish, ko‘rib chiqish va to‘liq nazorat qilish tizimi tashkil etilgan.
“Ayni paytda Navoiy shahri ko‘chalaridagi jami 23 ta chorrahada 99 ta, shuningdek, 6 ta chorrahada 21 ta transport vositalari harakatini, 30 ta piyodalar o‘tish yo‘laklarida transport vositalari harakati va davlat raqam belgisini qayd etuvchi 15 ta maxsus aylanma harakatlanuvchi videokuzatuv kameralari o‘rnatilgan. Ushbu tizim orqali shaharning barcha mavjud piyodalar o‘tish joylari ham to‘liq nazoratga olingan”, — deydi Farrux Yakubov.
Qayd etilishicha, markazda doimiy ravishda uch nafar xodim xizmat olib borishi, ushbu xodimlar tomonidan aniqlangan qoidabuzarliklar “E-jarima” saytiga yuborilishi va shu yerning o‘zida qoidabuzarlarga nisbatan onlayn tarzda jazo choralari ko‘rilishi yo‘lga qo‘yilgan.
“Mazkur qoidabuzarliklardan undirilgan mablag‘lar to‘liq xayriya maqsadida, ya’ni boquvchisini yo‘qotgan oilalar, ota-onasiz qolgan bolalar hamda ijtimoiy himoyaga muhtojlarni moddiy qo‘llab-quvvatlashga sarflanadi. Navoiy viloyati IIB YHXB xodimlari esa mazkur markaz imkoniyatlaridan faqatgina yo‘llarda harakat xavfsizligini nazorat qilish maqsadida foydalanishadi. YPX inspektorlari ushbu qoidabuzarlikdan undirilgan jarimalardan manfaatdor emas”, — deydi viloyat IIB YHXB boshlig‘i podpolkovnik Anvar Hafizov.
Ushbu markazda faoliyat olib borayotgan 3 nafar xodim orqali bir vaqtning o‘zida 143 ta videokuzatuv kameralari nazoratga olingan.