Namanganda YPX xodimining faoliyatiga xalaqit berib, qarshilik ko‘rsatgan uch nafar fuqaroga sud tomonidan jazo tayinlandi, deb xabar beradi IIV YHXBB axborot xizmati.
5-iyul kuni ijtimoiy tarmoqlarda “Chortoq tumanida GAI, PPS va haydovchi o‘rtasida tortishuv yuzaga kelgani aytilmoqda” izohi bilan videolavha tarqalgani to‘g‘risida xabar berilgandi.
Ma’lum qilinishicha, 4-iyul kuni soat 16:30 larda Namangan viloyati Chortoq tumandagi dehqon bozorida 1992-yilda fuqaro o‘ziga tegishli Cobalt avtomobilini to‘xtash mumkin bo‘lmagan joyga, ya’ni markaziy chorraha o‘rtasiga o‘rnatib, avtomobillar harakatiga xalaqit bergan. Mazkur hududda xizmat olib borayotgan Chortoq tumani IIB YHXB guruhi katta inspektori tomonidan haydovchiga qoidabuzarlik sodir etgani tushuntirilgan va unga nisbatan ma’muriy bayonnoma tuzilishi aytilgan.
Fuqaro esa xodimning qonuniy talablarini bajarmay, avtomobiliga tegishli hujjatlarni taqdim etmagan va ikki nafar tanishi bilan baqir-chaqir qilib, hududga boshqa fuqarolarning to‘planishiga sababchi bo‘lgan.
Holat yuzasidan Jinoyat ishlari bo‘yicha Chortoq tuman sudida o‘tkazilgan ochiq sud majlisida uch nafar fuqaroga nisbatan 15 sutka ma’muriy qamoq jazosi va jarima belgilangan.
Avvalroq Gulistonda mast holda jamoat tartibini buzib, IIB xodimlariga qarshilik ko‘rsatgan shaxs 5 sutkaga qamalgani, Farg‘onada YPX xodimiga bo‘ysunmagan haydovchiga 10 sutka ma’muriy qamoq jazosi tayinlangani to‘g‘risida xabar berilgandi.
Izoh (0)