AirCar uchar avtomobili Slovakiyaning Nitra va Bratislava aeroportlari o‘rtasida 35 daqiqali sinov parvozini amalga oshirdi. Bu Stefan Klyayn tomonidan patentlashtirilgan ikki o‘rindiqli uchar avtomobilning 142-muvaffaqiyatli parvozi hisoblanadi, deb xabar beradi Esquire.

Foto: Klein Vision

Uchish-qo‘nish yo‘lagiga yetib kelganidan so‘ng, Klyayn bitta tugmani bosgach, uchar apparat avtomobilda transformatsiya bo‘lgan. 2 daqiqa-yu 15 soniya ichida mashinaning qanotlari va orqa dumi surilib, spoylerga aylangan. Faqatgina parvozda foydalaniladigan havo vintini esa olib qo‘yishning iloji yo‘q.

Gibrid avtomobil-samolyot BMW dvigateli yordamida, oddiy benzin yonilg‘isida ishlaydi. Avtmobilning havodagi tezligi soatiga 170 kilometrni tashkil etadi. Klyaynning so‘zlariga ko‘ra, apparat 2,5 kilometr balandlikda 1000 kilometrga yaqin parvoz qila oladi, hozirga qadar u 40 soatlik parvozlarni amalga oshirishga ulgurgan.

Klyaynning Klein Vision kompaniyasi vakillarining ma’lum qilishicha, AirCar’ni ikki yil davomida yaratish uchun kamida 2 million yevro sarflangan. AQShning o‘zidan uchar avtomobilni xarid qilish bo‘yicha 40 mingga yaqin buyurtma kelib tushgan.

Avvalroq Hyundai 2025-yilga borib aeroportlarda uchar taksilar xizmatini ishga tushirishni rejalashtirayotgani, Moskvada bir marta quvvatlanish orqali 100 km yo‘l bosa oladigan havo taksisi sinovdan o‘tkazilayotgani to‘g‘risida xabar berilgandi.