Afg‘onistonda “Tolibon” harakatining Balx viloyati Kaldor uyezdi Ukchuk chegara punktiga uyushtirgan hujumi natijasida hukumat qo‘shinlarining 17 nafar harbiy xizmatchisi Tojikiston hududiga chekindi. Bu haqda Tojikiston Milliy xavfsizlik davlat qo‘mitasi chegara qo‘shinlari matbuot markaziga tayanib, “RIA Novosti” xabar berdi.

Foto: AP Photo

“Mahalliy vaqt bilan soat 12:50 gacha (27-iyun) davom etgan shiddatli to‘qnashuv natijasida hukumat qo‘shinlarining 17 nafar harbiy xizmatchisi o‘z hayoti va shaxsiy tarkibni saqlab qolish uchun “Shahritus” chegara otryadining 1-posti orqali Tojikiston hududiga chekinishga majbur bo‘ldi” —  deyiladi matbuot markazi xodimi bergan xabarda.

Uning so‘zlariga ko‘ra, tojik chegarachilari insonparvarlik va yaxshi qo‘shnichilik tamoyillarini inobatga olgan holda, davlat chegarasini buzgan afg‘on harbiylari uchun Tojikiston hududiga erkin kirishga ruxsat bergan.

“Ushbu chegara hududida vaziyat keskinligicha qolmoqda, ‘Tolibon’ va Afg‘oniston hukumat kuchlari o‘rtasida janglar davom etmoqda”, — deya qo‘shimcha qildi matbuot markazi xodimi.

Avvalroq “Tolibon” Afg‘onistonning Tojikiston bilan chegaradagi hududini egallab olgani hamda tojik-afg‘on chegarasidagi vaziyat keskin deb baholanayotgani haqida xabar berilgandi. Keyinroq Afg‘onistonda hukumat qo‘shinlari “Tolibon” jangarilarini mamlakat shimolidagi bir nechta tumanlardan siqib chiqargani ma’lum bo‘ldi.  AQSh davlat kotibi Entoni Blinken Afg‘onistondan AQSh qo‘shinlari chiqarib ketilgach, mamlakatda hokimiyat tepasiga “Tolibon” jangarilari kelishi mumkinligini istisno qilmagandi.

Eslatib o‘tamiz, Amerika va NATO mamlakatlari qo‘shinlari 29-apreldan Afg‘onistondan chiqib ketishni boshladi. Iyun oyi boshida AQSh Afg‘onistondan o‘z qo‘shinlarining uchdan bir qismini olib chiqib ketgani xabar berilgandi. Shuningdek, Afg‘onistondagi NATO missiyasi tugagandan so‘ng Turkiya harbiy kuchlari Kobul aeroporti xavfsizligini ta’minlashda yetakchi rolni egallashi haqida AQSh va Turkiya prezidentlari Jo Bayden va Rajab Toyyib Erdo‘g‘on kelishib olgan edi.

Associated Press xabariga ko‘ra, AQSh qo‘shinlarining asosiy qismini olib chiqqanidan keyin Afg‘onistonda 650 ga yaqin amerikalik harbiyni qoldirmoqchi. Ta’kidlanishicha, Afg‘onistonda qoladigan harbiylar diplomatlarning xavfsizligini ta’minlaydi.