Xitoyning Buyuk Britaniyadagi elchixonasi G7 sammitida ishtirok etgan mamlakatlarning Xitoyga tuhmat qilgani va mamlakat ichki ishlariga aralashishga uringani uchun (Buyuk Britaniya, Germaniya, Italiya, Kanada, AQSh, Fransiya va Yaponiya) norozilik bildirdi. Elchixonaning bayonotida ta’kidlanishicha, G7 a’zolarining Xitoyga bosim o‘tkazishga urinishlari xalqaro huquqning asosiy tamoyillariga ziddir.

Foto: Getty Images

“Biz  AQSh va G7 ning boshqa davlatlari XXRga tuhmat qilishni va Xitoyning ichki siyosiy ishlariga aralashishni bas qilishini talab qilamiz. Ular Xitoyning manfaatlarini buzmasligi kerak. Ular ziddiyatlar va qarama-qarshiliklarning paydo bo‘lishiga hissa qo‘shmasligi, xalqaro hamkorlikka ijobiy ta’sir ko‘rsatadigan harakatlarni amalga oshirishi lozim”, — deyiladi elchixona saytida.

Elchixonaning ta’kidlashicha, G7 vakillarining Gonkong va Shinjondagi vaziyatlar hamda Tayvan masalasi bo‘yicha bayonotlari “ularning do‘stona bo‘lmagan niyatlaridan dalolat beradi”. XXR elchixonasi bunga “qattiq va keskin norozilik” bildirgan.

G7 rahbarlari o‘z bayonotida Xitoyni, ayniqsa Shinjon musulmonlar mintaqasida inson huquqlarini hurmat qilishga chaqirgan va Gonkong muxtoriyatini tilga olgan edi.

Avvalroq  AQSh davlat kotibi Entoni Blinkenning ma’lum qilishicha, G7 davlatlari Xitoy bilan turli xil sohalarda yagona kuch pozitsiyasida ish yuritish niyatida, chunki ular respublikaning ko‘plab harakatlaridan tashvishda. Reuters xabar berishicha, G7 davlatlari rahbarlari Xitoyga nisbatan yagona yondashuv zarur degan xulosaga kelgan. Ular inson huquqlari buzilishi va asosiy erkinliklar buzilayotganini nazarda tutgan.