10-iyun kuni soat 22:00 larda Toshkent shahrida Lacetti va Mercedes-Benz yuk mashinasi ishtirokida sodir bo‘lgan yo‘l-transport hodisasi oqibatida bir kishi halok bo‘ldi. Bu haqda IIV YHXBB axborot xizmati xabar berdi.

Foto: IIV YHXBB axborot xizmati

Ma’lum qilinishicha, Toshkent shahar, Chilonzor tumani, Kichik halqa avtomobil yo‘li hamda Do‘mbirobod ko‘chalari kesishgan chorrahada F.E. ismli 38 yoshli fuqaro boshqaruvidagi Lacetti o‘zidan oldinda, svetoforning qizil chirog‘ida to‘xtab turgan Mercedes-Benz rusumli yuk avtomobilining orqa tomoniga borib urilgan.

Avariya oqibatida Lacetti haydovchisi olgan tan jarohatlari bilan shifoxonada vafot etgan.

Mazkur YTH yuzasidan Toshkent shahar IIBB huzuridagi TB tomonidan dastlabki tergovoldi surishtiruv harakatlari olib borilmoqda.

Avvalroq Qarshida svetoforning qizil chirog‘iga bo‘ysunmagan Damas Nexia bilan to‘qnashib, qizil chiroqda to‘xtab turgan Lacetti’ga zarar yetkazgani, Andijonda katta tezlikda kelayotgan yuk mashinasi Matiz, Spark va odamlar turgan joyga borib urilishi oqibatida 5 kishi jarohat olgani, Buxoroda Nexia va Lacetti to‘qnashishi oqibatda yo‘lovchilardan biri vafot etgani to‘g‘risida xabar berilgandi.