Buxoroning eski shahar hududidagi Poyiostona ko‘chasidan chiqqan echkiemar cho‘l hududiga chiqarib yuborildi. Bu haqda “Daryo”ga viloyat Favqulodda vaziyatlar boshqarmasi axborot xizmati rahbari Mirjon Fayzullayev xabar berdi.

Foto: Buxoro viloyat Favqulodda vaziyatlar boshqarmasi

Ma’lum qilinishicha, 10-iyun kuni viloyat Favqulodda vaziyatlar boshqarmasi navbatchilik qismiga shoshilinch xabar kelib tushgan. Unga ko‘ra, Buxoro shahrining Poyiostona ko‘chasida joylashgan xonadonlarning birida zaharli jonzot sudralib yurgani bildirilgan. Qutqaruv otryadi shaxsiy tarkibi zudlik bilan voqea joyida bo‘lgan. Podpolkovnik G‘oyib Safoyev sudralib yuruvchi bu zaharli jonzotning echkiemar ekanini aniqlab, chaqqonlik bilan uni ushlab olgan. Xonadondan olib chiqilgan echkiemar cho‘l hududiga chiqarib yuborilgan.

Foto: Buxoro viloyat Favqulodda vaziyatlar boshqarmasi

Qo‘shimcha qilinishicha, bugungi kunda Buxoroning eski shahridagi juda ko‘plab manzillarda qurilish va ta’mirlash ishlari olib borilmoqda. “Echkiemar uzoq asr va uzoq yillarga tutash, foydalanilmay kelinayotgan qadimiy, eski hujra va qum tom binolar ostida yashirinib, tuxum ochib, yashab kelayotgan bo‘lishi mumkin”, — deya taxmin qilinmoqda.

“Bu boradagi qidiruv ishlari davom ettiriladi”, — deydi Mirjon Fayzullayev.

Qayd etilishicha, shu kuni Buxoro shahrining Mustaqillik ko‘chasidagi ko‘p qavatli xonadondan ham murojaat kelib tushib, uy yerto‘lasidan chiqqan ilon podyezdda sudralib yurgani bildirilgan. Inson hayoti uchun xavfli bu jonzot ham Favqulodda vaziyatlar boshqarmasi xodimlari tomonidan bartaraf etilgan.