Taraqqiyparvar ulamo, o‘lka ozodligi yo‘lidagi kurashlarda ishtirok etgan, ma’rifatparvar jadidlar bilan bir safda siyosiy kurash sahnasida bo‘lgan Sadriddinxon mufti Sharifxo‘jayev haqida “Daryo” kolumnisti, tarixchi olim Bahrom Irzayev hikoya qiladi.
Sadriddinxo‘ja 1877-yil Toshkentning Mergancha mahallasida taniqli ulamo va qozikalon Sharifxo‘ja eshon xonadonida dunyoga kelgan. Avval eski maktabda, so‘ng Toshkentdagi Yunusxon madrasasida o‘qiydi. Zamona zayliga muvofiq Toshkentdagi birinchi sonli 4 yillik rus-tuzem maktabiga kirib, Ovro‘po ilm-fani yangiliklari bilan tanishadi, rus tilini mukammal o‘rganadi. Shundan so‘ng Buxoroga yo‘l olib, 1905-yilgacha Mir arab madrasasida tahsilni davom ettiradi. Sadriddinxon bu vaqtda jadid taraqqiyparvarlik g‘oyalari bilan tanishadi. Toshkentga qaytgach Yunusxon madrasasida mudarris va imomlik qiladi. 1914-yildan Eshonquli madrasasida bosh mudarris va mufti rutbasini oladi. Mufti Sadriddinxon ham taraqqiyparvar ulamolardan bo‘lib, Munavvarqori Abdurashidxonovning yaqin do‘sti va hammaslaklaridan edi.
1916-yil Turkistonda mardikorchilikka qarshi qo‘zg‘alon vaqtida Sadriddinxon mufti o‘zining xalq tomonida ekanligini ochiq bayon qiladi va jadid taraqqiyparvarlari bilan bir safda siyosiy kurash sahnasiga kiradi. 1917-yil mart oyida Munavvarqori Abdurashidxon o‘g‘li tomonidan “Sho‘roi Islomiya” jamiyati ta’sis etilganida unga birinchilardan bo‘lib a’zo bo‘ladi. Turkistondagi ilk siyosiy partiya – “Turk adam markaziyati”ning dunyoga kelishida bosh-qosh bo‘ladi. Qo‘qonda ish boshlagan Turkiston Muxtoriyati hukumatida prezidium a’zosi sifatida Muxtoriyatni Turkiston musulmonlarining yagona hokimiyati sifatida tan olinishi uchun tinimsiz ma’ruzalar qiladi. “Ulamo jamiyati”ning ayrim mutaassib vakillarida Muxtoriyatga nisbatan ishonchsizlik ortib borayotganligi tufayli Toshkentga qaytib, taraqqiyparvar ulamolardan “Fuqaho jamiyati”ni tuzadi. Jamiyat Turkiston Muxtoriyatini o‘lkadagi yagona siyosiy kuch sifatida tan olishini e’lon qiladi. Bolsheviklarning noqonuniy xatti-harakatlari, ayniqsa, Farg‘onada vaziyatning qaltislashib borishi jarayonida o‘z zamonasining yirik ulamosi bo‘lgan mufti Sadriddinxo‘ja Sharifxo‘ja qozikalon o‘g‘li 1918-yilning fevral oyidan “Fuqaho jamiyati”ning nashri afkori sifatida “Izhor ul-Haq” jurnalini nashr eta boshladi. Ilk sonlaridanoq Turkiston musulmonlarining sevimli nashriga aylangan jurnal o‘z sahifalarida nafaqat diniy, balki o‘tkir iqtisodiy, ijtimoiy va siyosiy masalalarga ham keng o‘rin beradi. Jumladan, muharrir mufti Sadriddinxonning “Daf’i tahlika” maqolasida:
Ovro‘po muhoribasi boshlanganiga to‘rt yil bo‘lgan bo‘lsa, yildan yilga bechora xaloyiq, xususan, Turkiston mamlakatida mutavatan islom bolalari faqir va zarurat loyiga botib turubdurlar. Ochlik va qahat balosidin har kun necha ming va balki milyunlab g‘arib va g‘urabolar ko‘cha bako‘cha kezib shahardin shaharga yurib “oh non” deyub gadolik qilmakdadurlar. Ochlik va sovuqdan bir parcha nonga zor bo‘lib, har kun va har zamon necha ming muslim va muslimalar sabi va sabiyalar nihoyatda foje’ bir ahvolda bu dunyoga vido’ qilmakdadurlar... Janob payg‘ambarimiz hazrat Muhammad Mustafo sollallohu alayhi vasallam: “Yomon kishi shul kishidurki, Alloh taolodin so‘raydur va o‘zi ato qilmaydur. Yomon kishi shul kishidurki, ahli ayollariga (bor davlati birlan) torliq qilg‘uvchidur”.“Izhori haqiqat va irshod” maqolasida esa:Bas, shunday bo‘ladurg‘on bo‘lsa, har kimsa qo‘lidin kelg‘oncha Alloh taolo berg‘on mol va davlatidin faqir va muhtojlarga yordam qilmoq o‘zining xesh va aqrabolarig‘a shafqat va marhamat qilmoq lozim bo‘lodur. Hozirgi zamonamizdagi “potribitel” deganlari ochmoq, ondin faqir och xaloyiqg‘a ozuq va boshqa tirikligig‘a lozim ashyolarni arzon baho birlan berub turmoq, faqir va miskinlar uchun qozon qurub osh ulashmoqg‘a o‘xshash ishlar ham bir nav yordam bo‘ladur, deydi.
...Hazrat rasulalloh “innamal mo‘minin al ihvatun” oyati karimasi ila ixvatun va sadoqatg‘a tashviq va targ‘ib qilib... Alloh taolo qudrat bolg‘asi ila alarni ittifoqg‘a solib jumlalarin muhabbat ipig‘a bog‘ladi, kim barchalari yakdil va bir jism kabi bo‘ldilar.Ming afsuski, Turkiston ahlining qariyb asriy orzusi ushalmadi. Bolsheviklar zamonaviy qurollar va qolaversa, ayrim xoin kimsalarning xiyonati tufayli xalqning Muxtoriyat orzusini qonga botirishga muvaffaq bo‘ldi. Biroq qalbida din, Vatan va millat muhabbat jo‘sh urgan fidoyi insonlar aslo mag‘lubiyatga rozi bo‘lmadi. Shunday zotlardan biri mufti Sadriddinxon 1918-yilning bahorida Munavvarqori Abdurashidxonov maslahati bilan Turkiyaga yo‘l oladi va Turkiyadagi qardoshlarga Turkistonda kechayotgan xunrezliklar haqida xabar yetkazadi. Ular “Sho‘roi Islomiya”ning yana bir vakili Turkiston Muxtoriyatining g‘aznachisi bo‘lgan Said Nosir Mirjalilov bilan birga yoz davomida Istanbulda Nuri posho, Azizbey orqali Turkiyaning xavfsizlik ministri Tal’at posholar bilan munozaralar olib boradi. Biroq bu paytda jahon urushida mag‘lub tomon bo‘lgan Turkiyaning o‘zida ham ahvol og‘ir edi. Shu tufayli muzokaralar samarali kechmaydi. Turkiya hukumati vakillari bevosita yordam bera olmasa ham ulardan hay’at tuzib, Jenevaga “Millatlar ligasi”ga yuborishi va u yerda Turkistonni sovetlardan ajratib olish masalasini ko‘tarishiga yordam berishi mumkinligini aytadi. Ayni paytda “Ulamo jamiyati” tomonidan Sherali Lapin yuborgan Nuriddinbek Xudoyorxonov va G‘ozi Olim Yunusovlar ham Istanbulda edi. Ular Turkiya tomonining Jeneva taklifini rad etadi. O‘zlarining Turkiya hukumatidan ozodlik kurashi uchun yordam olish maqsadida kelganlarini aytib, Toshkentga qaytishadi. Mufti Sadriddinxon va Said Nosir Mirjalilovlar Toshkentga xabar yuborib, mufti Mahmudxo‘ja Behbudiyni ma’lum vakolatlar bilan Istanbulga yuborishlarini so‘raydi. Afsuski, bu gal ham dushman bir qadam oldinda edi. Behbudiy hazratlari muqaddas yo‘lda shahid qilinadi...Rasululloh sallolohu alayhi vasallam shul tariqa qavmg‘a mab’us bo‘lg‘on edilar, kim hamiyyat johiliyyatlari haddin oshgan va bir-birlaridin qochgan bir odamni bir kishi bir musht ursa, oning tarafidin qabilasi o‘chin olmak uchun urushub o‘ldirishgan. Alhosil, odatlari doimo xusumat zo‘r mahoba urushmalar bo‘lub turgan. Ba’zilari ba’zilariga g‘ayurlik qilur erdilar.
Vaqtiki musulmon bo‘lib Allohg‘a, Rasulullohg‘a, qiyomat kunig‘a iymon kelturdilar. Avvalgi qabih holidin o‘zgarildilar, buzuq va rasvo xulqlari yo‘qolub, o‘rnig‘a seviklik yaxshi xulqlar o‘runlashti kim bor himmatlari va nazargohlari Alloh va Rasulallohning toatlari bo‘ldi...
Ushbu suratda islom dinin quvvat va g‘alabasig‘a mador bo‘lg‘on ittifoq va ixtilofning doimo sobit va mustahkam bo‘lmoqi uchun ittifoqni yo‘qotaturg‘on axloqlarni har qayusin nas Qur’on va hadisi nabaviya ila harom qilindi. Chunonchi, muhabbatning ziddi adovat, dushmanlik eng buyuk falokatdurki, har joyg‘a kirsa xarob qilmay qo‘ymas. Xususan, islom olamig‘a kirsa tezdan oning hisor qo‘rg‘onin buzar va chiqmas, aql hukmida va ham shariatda jami’ axloqi siyohlarning manbai va xazinasi adovatdurki, hasad, ba’zan g‘iybat va bo‘hton, chaqimchiliklarg‘a o‘xshash yomon xulqlar adovatdin qaynab chiqodur. ... Agar dini islomg‘a ixlos ila kirishib amal qilingan bo‘lsa edi, shariat qaytargan g‘iybat va shikoyat, bo‘hton va iftirolarga til ochilmas edi. Islom taraqqiy va taoliysig‘a mador bo‘lg‘on ittifoq va ittilof yo‘lin axtarib qaro xalqni bir toifa vatan muhabbatig‘a kirishgan zotlarg‘a qarshi yugurtib, o‘rtalarig‘a adovat tuxmin sochilmas edi. Balki, qo‘ldan kelgan darajada alarni muhabbat va do‘stlik yo‘lig‘a solinur edi.
O‘tkan sana mardikor masalasi chiqg‘onda hamma shayx-u yigitlarimiz kecha va kunduz bolalarimiz mardikorg‘a borur ekan deb, ashk diydalari ila duoda bo‘lub, bolalarin g‘amida necha oyg‘acha uxlamay duoda bo‘lg‘on zotlar ushbu zamonda kecha va kunduz duo-yu badg‘a qo‘l ochar bo‘ldilar. Bu nechuk holat hozirda faqat boshlarg‘a emas balki baloyi om bo‘lib boy va faqir, katta va kichiklarg‘a tushkan tahlikalar ko‘zg‘a ko‘runmay ochlik va yalong‘ochlik eska tushmay duo-yu nahilarni unutib, islom olami bir-birig‘a non o‘rnig‘a haqorat va safohatlar ulashurlar, bu ishlar fitna emasmi.
...Agarda muqobillaridagi bir musulmonga biror kulfat erishsa olam-olam xursand va masrur bo‘lurlar. Vaholanki dini sharifimiz nas qote’ bilan tanbih qilib har qayu yerda bo‘lsa bo‘lsun biror musulmonga kulfat va o‘lum yetushsa anga har surat birlan yordamda bo‘lmoqg‘a buyurodur. Bu na insof turur, na ish qilmoqchimiz va qaysi yo‘lg‘a bormakchimiz, deydi.
Toshkentga kelgan mufti Sadriddinxon Turkiston Respublikasi Xalq sudi Kengashi a’zosi bo‘ladi, Yunusxon madrasasida mudarrislik, Shirinquduq mahallasida imomlik qiladi. Biroq istiqlolni qo‘ldan berishga aslo rozi bo‘lmaydi. O‘zi uchun qanchalik xavfli bo‘lishiga qaramay Munavvarqori bilan “Milliy ittihod” tashkilotini rivojlantirishga kirishadi. 1920-yilning kuzida Munavvarqorining Buxoroga yuborilishi “Milliy ittihod” ishiga ham zarba beradi. 1921-yilning 6-mart kuni amalda “Milliy ittihod”ning raisi bo‘lgan mufti Sadriddinxon Abdulla Ziyomuhammedovning uyida shogirdlari orenburglik Orif Karimiy, Yusufbek Qurbonov va Muhammadyor Muhammadumarovlar bilan Sharqiy Turkistondagi Yaponiya va Buyuk Britaniya konsullari nomiga xat tayyorlaydi. Xat “Milliy ittihod”ning muhri bilan tasdiqlanib, Orif Karimiy, Yusufbek Qurbonov tomonidan G‘uljaga yo‘llanadi.
Buyuk Yaponiya hukumatining G‘uljadagi vakili muhtaramina!Xatning diplomatik nazokati va mufti Sadriddinxonning naqadar siyosiy yetukligi haqida ham, agar maktub yetib borganida qanday siyosiy oqibatlarni keltirib chiqarish-chiqarmasligi haqida ham ko‘p munozara qilishimiz mumkin. Haqiqat shuki, xat 1921-yil 16-mart kuni Avliyootada chekistlar tomonidan tutib olindi. Shundan so‘ng 1921-yil 31-mart kuni “Milliy ittihod”ning boshqa a’zolari Rustambek Niyozbekov, Muhammadyor Muhammadumarovlar ham qamoqqa olinadi. Aprelning ilk tunlaridan yoqimsiz sukunatdan uxlay olmayotgan mufti Sadriddinxon kech soat 12 lardan o‘tib, Yunusxon madrasasidagi hujrasi atrofida qizil askarlar yig‘ilayotganini payqab qoladi. Devor orqali Eshonquli dodxoh masjidiga o‘tib, bir muddat yashiringach, sho‘rolarga qarshi ochiq kurashga kirishga qaror qiladi. U tong 04:00 larda Yalang‘och orqali Toshkentdan chiqib ketadi. Choshgohdan o‘tib Zarkatga kiradi va qadimiy qabristondan qo‘nim topib, ikki kun shu yerda ibodat qiladi. Ayni paytda bir necha xatlar tayyorlab, Qoraxitoy qishlog‘ilik sobiq talabasi orqali Toshkentga, Buxoroga va Farg‘onaga yo‘llaydi. So‘ng dovondan o‘tib Ashobaga Rahmonquli qo‘rboshiga qo‘shiladi. 1921-yilning boshida Buxoroga borgan toshkentlik taniqli jadid muallimlar Usmonxo‘ja To‘xtaxo‘jayev va Tangriqul hoji Maqsudiylar xatni olgach, Toshkentga qaytadi. Ular Isroiljon rahbarligidagi guruh bilan mahalliy boylardan to‘plagan 100 ming so‘m pul bilan Piskent tomon yo‘l oladi. Panzar qishlog‘ida Rahmonqulning ukasi Tursunboy qo‘rboshi, Ashoba qishlog‘i yaqiniga kelganda Rahmonqulining o‘zi kutib oladi. Muallimlar Sadriddinxonning rejasiga ko‘ra istiqlolchilarga dars va ma’naviy dalda berishlari kerak edi. Ayni paytda Toshkentda bolsheviklarning XII syezdiga tayyorgarlik ketayotgan edi. Mufti Sadriddinxon istiqlolchilar armiyasining oliy qo‘mondoni Shermuhammadbek nomidan bu qurultoyga Farg‘onaga muxtoriyat berish; harbiy boshqaruvni ruslarning aralashuvisiz mahalliy aholiga topshirish, iqtisodiy va diniy erkinliklarga daxl qilmaslik kabi 13 punktdan ultimatum tayyorlaydi. Biroq bolsheviklar bilan muzokara qilib, Muhammad Aminbekning xatosini takrorlashdan hayiqadi. Mufti Sadriddinxon, Rahmonqulibek va Islom pahlavon bilan uch kun davomida Shermuhammadbekning huzurida bo‘ladi. Uchrashuvda quvalik Boqijonboy, Rustam hoji, qo‘qonlik Kamol qozilar Shermuhammadbekka har qanday holda ham bolsheviklarga ishonib bo‘lmasligini ta’kidlaydilar va muzokaraga chek qo‘yiladi. Bek Afg‘onistondan qurol yetib kelgunicha faqat mudofaa janglari bilan cheklanishga qaror qiladi. Muallimlar ortga qaytariladi, qizil armiyaning soni kundan kunga ortib boradi. Va’da qilingan qurollar kelmaydi. Sho‘rolar fitnasi tufayli qo‘rboshilarning ichida ham o‘zaro kurashlar avj oldiriladi, millat qoni daryo bo‘lib oqa boshlaydi.O‘rta osiyolik Turkiston aholilari yarim asr muddat ichinda Russiya hukumati zolimonasi ta’siri ila hunar taraqqiysidan mahrumiyat chuqurida qolib ruslik milliyati savqi ila ruslashdiruv siyosati ostinda ezilib turk va islom millatlari huquqi siyosiyatdan chetka qolib, zulm va jabr ichinda umrguzar edilar. Bu o‘rtada Turkiston aholisi hukumatning bu siyosatidan norozi bo‘lib istiqlol yo‘lini izlab milliy istiqloliyat qo‘mitasini tuzib sho‘balari ila butun Turkistonni qopladi. Nihoyat hukumatning bu siyosati zolimonasiga toqat etolmasdan 1916-sanada isloh quti ila o‘z huquqlarin himoya etdi. Oqibat 1917-sana qizil inqilob bilan bir oz umumiy ozodlik sohiliga chiqqan bo‘lib huquqi milliyalarini yangidan tirgizmak orzusiga kirgandi. 1917-sana oktyabr voqeasindan so‘ngra sovet hukumatining boshinda hukmron bo‘lgan Leninning (manifest) va’dasi har bir millat uchun milliy ozodlik va hurriyat e’loniga binoan Turkistonning eski poytaxti bo‘lgan Xo‘qand shahrida o‘lka muxtoriyatini e’lon etib turkistonli turklar ma’qul bir hukumat tashkil qilgan holda millatchi bolsheviklarning zolimona hujum va berahimona harakatlari ila shaharlar buzilib, qonlar to‘kilib, xotun va bolalar kesilib xonalar va mollar talon-toroj etilib, hukumat arboblari otilib, osilib, hukumat tarqatildi va shul ona qadar otuv kesuvlar davom etmakdadir...
“Osiyo osiyoliklarningdur” degan shiorni lozim tutgan Siz muhtaram Yaponiya hukumatidan iltimos qilinurkim, qardosh, vatandosh osiyolik Turkiston aholisining bu qadar zulm ostida umr kechirmoqig‘a rozilik ko‘rsatmay, saloh va pul va o‘zga darkor bo‘ladirgan rejalar ila yordam qo‘lin uzatmog‘ingizni Vatan va irqdoshlik nomindan o‘tinamiz. Bu haqda so‘zlashuv uchun ushbuni topshiruvchi tom huquqlik tubanda ismlari yozilgan a’zolarini yuboradir:
Farg‘ona kray milliya askarisin boshlug‘i: Shermuhammadbek imzosiBuxoro hukumatining istiqloliya qo‘mitasining raisi: MuzaffariddinXiva hukumatining istiqloliya qo‘mitasining raisi: AnnaqulovTurkiston Markaziy umumiy milliy ittihod qo‘mitasining raisi: Mufti Sadriddinxonning muhr va imzosi
Buyuk Britaniya hukumatining Qoshg‘ar vakili hazrati oliylarina!
Siz muhtaram amniyat va huquqi bashariyat ustozi Buyuk Britaniya hukumatidan iltimos qilinurkim, Turkiston aholisining bu qadar zulm ostida yashab va Turkiston madaniyati, sanoi nafisalari botil va xarob o‘lmakig‘a rozilik yuzin ko‘rsatmay siloh va o‘zga zarur ashyolar ila yordam qo‘lin etmog‘ingizni huquqi insoniyat nomindan o‘tinamiz...
1921-yil 9-sentabr kuni Qo‘qonda mufti Sadriddinxon Hamdamhoji Qalandarov bilan birga qamoqqa olindi. 1921-yil 19-sentabrda TurkCHK tomonidan uni zudlik bilan Toshkentga keltirish uchun maxfiy qaror chiqarildi. 1921-yil 27-sentabr kuni Mufti Sadriddinxonga nisbatan aksilinqilobiy faoliyat ayblovi bilan jinoiy ish ochildi. So‘roqlarda Sadriddinxon o‘ziga qo‘yilgan ayblovlarning barchasini tan oladi va yolg‘iz o‘zi istagiga ko‘ra amalga oshirganini ta’kidlaydi. 1921-yil 28-noyabr kuni so‘roqda Rustambek Niyozbekov bu gaplarning hech biridan xabari bo‘lmagani holda Mufti Sadriddinxonni ulug‘ bir olim sifatida bilishini va qadrlashini ta’kidlaydi.
1921-yil 8-dekabr kuni Klingof rahbarligida Turk CHKning a’zolari Narkomyust Ustaboyev, militsiya boshlig‘i Aliyevlar mazkur besh kishi ishini Oliy inqilobiy tribunalga yo‘llaydi. 1921-yil 23-dekabr kuni Toshkentda rais Ibrohimov hamda Inog‘omjon Xidiraliyev, Sobir Yusupov va boshqalar ishtirokida o‘tgan Harbiy tribunalda Nazir To‘raqulov davlat ayblovchisi bo‘ladi. Hukmga ko‘ra mufti Sadriddinxon Sharifxo‘ja o‘g‘li va Orif Karimiylar otuvga, Abdullajon Ziyomuhammedov va Muhammadyor Muhammadumarovlar 3 yildan, Rustambek Niyozbekov esa 2 yilga shartli qamoqqa hukm etiladi. Biroq shu majlisning o‘zida Nazir To‘raqulov uzoq ma’ruzasini boshlab qoladi. So‘zining oxirida 1921-yil 7-noyabr kuni Oktabr inqilobining 4 yilligi bo‘lganini eslab, shu munosabat bilan otuv hukmini 5 yillik qamoqqa, Abdullajonni bir yarim yilga shartli qamoqqa, Rustambek va Muhammadyorlarni esa shu joyning o‘zida ozod qilishga qaror qiladi. Albatta, Turkiston hukumatidagi mahalliy arboblarning barchasining piri ustozi bo‘lgan Mufti Sadriddinxon va Orif Karimiylar ko‘p o‘tmay Turkiston zaminidan chiqib ketishga muvaffaq bo‘ladi. Orif Karimiy keyinchalik Turkiyada olim bo‘lib yetishadi va keyingi faoliyatida o‘zini siyosatdan xoli tutadi.
Mufti Sadriddinxon avval Afg‘onistonga o‘tib, 1923-yil o‘rtalaridan Eronning Mashhad shahriga joylashadi va Turkiston ozodligi uchun kurashchi bo‘lgani tufayli yaxshi mavqe qozonadi. U Turkistondan qochib borgan minglab muhojirlarni yerlashtirib, ularning bir qismini o‘qitish maqsadida Turkiyaga yo‘llaydi. Ayni paytda Turkiston bilan ham aloqani davom ettiradi. Turkiston va mahalliy turkman qabilalariga “Yosh Turkiston” jurnalini tarqatish orqali milliy birlik uchun kurashadi. Biroq 1931-yil Eron–Sovet bitimidan so‘ng muhojirlarga nisbatan bosim va tazyiq ortib boradi. Mufti Sadriddinxon bunga qarshi Turkiya hukumatining e’tiborini qaratish maqsadida hamda o‘zining faoliyati haqida Mustafo Cho‘qay, Abdulvahob O‘qtoylarga tinimsiz xatlar yuborib turgan.
Mufti Sadriddinxonning atrofida savodli yigitlar yetishmas edi. 1932-yilning avgustida uning yoniga Turkistondan Bahrom Ibrohimov keladi. “Yo‘qsul” taxallusi ostida she’rlar yozib o‘zini ijodkor sifatida ko‘rsatgan bu yigit aslida josus bo‘lib, Ganjada o‘qib yurgan vaqtlaridayoq GPUga yollangan edi. Samarqanddagi faoliyati davrida o‘tkir fikrlari va Cho‘lponning isyonkor she’rlarini o‘qib, taraqqiyparvarlarning nazariga tushgan hamda atrofiga ko‘plab hur fikrli yoshlarni jamlagan edi. U 1931-yil G‘ulom Zafariy boshliq bir guruh yoshlar bilan qamoqqa olinadi. Ammo tergovdan ozod qilinib, Eronga yuboriladi. Mufti Sadriddinxon uning biografiyasi bilan tanishgach, tabiiyki, o‘zining Turkistondagi manbalari orqali uning dalillarini tekshirib ko‘radi. Yuqorida ta’kidlaganimizdek, u nafaqat Turkistonda, hatto, Ozarbayjonda ham ko‘plab taraqqiyparvarlarga tanish bo‘lgani uchun Mufti Sadriddinxonning ishonchiga sabab bo‘ladi. Vaholanki, bungacha o‘nlab GPU josuslari fosh qilinib sharmandalarcha Erondan chiqarib yuborilgan edi. Bahrom Ibrohimov Mahmud Oyqorli nomi bilan o‘n yilga yaqin muftining xizmatida bo‘lib, ayni paytda ayg‘oqchilik vazifalarini ham mukammal bajargan edi.
Mufti Sadriddinxon Erondagi vaziyatning yomonlashib borishi ortidan 1934-yil 8-iyul kecha kotibi Mahmud Oyqorli bilan Mashhadni tark etadi. Ular 31-iyul kuni Kobulga kelib, bir muddat Afg‘onistondagi holatni o‘rganadi. Shundan so‘ng Mahmudni Mashhadga yo‘llab o‘zi Sharqiy Turkistonda kurashni davom ettirishga qaror qiladi. Biroq sovetlar Afg‘onistondagi ustuvor mavqeidan foydalanib, muftini nazoratga olishga intiladi. Mahmud Oyqorli endi tashabbusni butunlay o‘z qo‘liga olishga harakat qiladi. Natijada Sadriddinxon 1935-yil 6-avgustda mirshablar qurshovida Hirotga surgun qilinadi. Shundan so‘ng Mahmud Oyqorli Mustafo Cho‘qayga xatlar yozib, Yaponiya vakillari bilan aloqaga bog‘lagani va endi tashkilotga o‘zining rahbarlik qilishini ma’lum qiladi. Ayni paytda milliy jabha kurashchilari orasida turli fitnalarni amalga oshiradi. 1937-yil Shermuhammadbekning Istanbulda o‘qiyotgan o‘gay o‘g‘li G‘ulom Haydarning Kobulga kelib, Oyqorlining josusligini fosh etadi. Lekin yana sovetlar aralashuvi bilan Mahmud Oyqorli qutulib qolishga erishadi va keyingi josuslik faoliyatini Eronda davom ettiradi. Mufti Sadriddinxon esa Qandahorga yo‘llanadi va shu yerdan chiqib ketishi taqiqlanadi. Xullas, butun hayotini Turkiston erki va ozodligi yo‘lida kurashga baxshida etgan qahramon vatandoshimiz Mufti Sadriddinxon Sharifxo‘ja qozikalon o‘g‘li 1944-yil Afg‘onistonning Qandahor shahrida g‘ariblikda vafot etadi.
Izoh (0)