O‘zbekiston aholisi 10-iyun kuni Quyoshning qisman tutilishini kuzatishi mumkin. Bu haqda Ulug‘bek nomidagi astronomiya instituti ma’lum qildi.

Foto: “Daryo” / Madina Nurman

“Tez orada O‘zbekiston aholisi navbatdagi noyob astronomik hodisani kuzatishi mumkin — 2021-yil 10-iyun kuni halqasimon Quyosh tutilishi sodir bo‘ladi. Mazkur Quyosh tutilishi 2021-yildagi O‘zbekiston aholisi uchun kuzatish mumkin bo‘lgan birinchi tutilish hisoblanadi. Ushbu Quyosh tutilishini O‘zbekiston hududidan kuzatilganda, Oy Quyosh yuzasining juda kichik qisminigina to‘sadi, ya’ni faqat qisman Quyosh tutilishini kuzatish mumkin”, — deyiladi xabarda.

Quyidagi jadvalda O‘zbekiston aholi punktlari uchun tutilish haqida ma’lumotlar keltirilgan:

Foto: “Astrin.uz”

Ushbu tutilish halqasimon Quyosh tutilishi hisoblanib, tutilishning to‘liq fazasida (Kanada, Grenlandiya va Rossiya uzoq sharqida) Quyosh yuzasining 94,3 foizini tashkil qiladi. Quyosh tutilishi to‘liq fazasining davomiyligi 3 minut 51 sekundga teng bo‘ladi.

Foto: “Astrin.uz”

Bundan oldin O‘zbekiston aholisi 2020-yil 21-iyun kuni sodir bo‘lgan halqasimon Quyosh tutilishini guvohi bo‘lgan va o‘shanda ham qisman Quyosh tutilishi sifatida kuzatgan. O‘sha vaqtda to‘silish magnitudasi 60 foiz ko‘proq tashkil qilgan. O‘zbekiston aholisi kuzatishi mumkin bo‘lgan navbatdagi Quyosh tutilishi 2022-yilning 25-oktabr sanasida sodir bo‘lishi kutilmoqda.