Ijtimoiy tarmoqlarda 26-may kuni Andijon shahri ko‘chalarida kuchli shamol va chang bo‘ronlari kuzatilgani tasvirlangan videolar tarqaldi.

Kadr: Telegram

Ma’lum qilinishicha, chang-qum aralash kuchli shamol shaharda soat 18:00 dan keyin ko‘tarilgan.

Telegram’dagi “Gidrometrologik ilmiy tahlillar, ob-havo bashoratlari, tadqiqotlar” kanalining yozishicha, ushbu shamol bulut osti shamol xususiyatli bo‘lib, uning davomiyligi uzoq davom etmaydi va juda kuchli kuzatilmaydi.

Eslatib o‘tamiz, 19-may kuni yuz bergan kuchli shamol ta’sirida Andijon viloyatining shahar va tumanlarida elektr tarmog‘i xo‘jaligi obyektlarida avariyaviy holatlar va nosozliklar yuzaga kelgandi.

Avvalroq 20-may kuni Toshkentda kuzatilgan kuchli shamol yerusti metro bekatlaridan birining tom qismiga zarar yetkazgani haqida xabar berilgan edi. Shamol oqibatida poytaxtning Sergeli va Zangiota tumanlariga tegishli “O‘zgarish” hududida elektr tarmog‘ida uzilish yuzaga kelgan, shuningdek, Toshkent viloyatining Olmaliq shahridagi ayrim mahallalar, Angren shahrining katta qismi elektr ta’minotisiz qolgan. Ohangaron shahrida shamol ta’sirida hatto ichimlik suvi ham o‘chgandi.