Madridning “Real” klubi bosh murabbiyi Zinedin Zidan jamoani tark etdi. Bu haqda klub matbuot xizmati xabar bermoqda.

Foto: Twitter

Qayd etilishicha, iste’fo haqidagi tashabbus fransiyalik mutaxassisning o‘zidan chiqqan. Tomonlar 2022-yilning yoziga qadar mo‘ljallangan shartnoma bekor qildi.

Zidan “Real”ga ikkinchi bor bosh murabbiy bo‘lganidan so‘ng Ispaniya chempionati va Ispaniya Superkubogida g‘alaba qozondi. 2020/21-yilgi mavsumda “Real” La Ligada ikkinchi o‘rinni egallagan bo‘lsa, Chempionlar Ligasida yarim finalgacha yetib bordi.

Zidan bungacha 2016—2018-yillarda ham Madrid klubini boshqargan. Shu vaqt ichida u Chempionlar Ligasida ketma-ket uch marta zafar quchgan. Shuningdek, “qirollik klubi” uning qo‘l ostida Ispaniya chempionati, mamlakat Superkubogi va ikki martadan UEFA Superkubogi hamda klublar o‘rtasidagi Jahon chempionatida g‘alaba qozongan.