Ispaniya La Ligasining 2020/21-yilgi mavsumi yakunlandi.

Foto: Twitter

Madridning “Atletiko” klubi 38-turda “Valyadolid”ni mag‘lub etib (2:1), 11-marta Ispaniya chempioniga aylandi.

Jamoani 2011-yilning dekabr oyida qabul qilib olgan murabbiy Diyego Simeone uchun bu La Ligadagi 2-sovrin bo‘ldi (umumiy sovrinlar soni esa 8 ta). Argentinalik mutaxassis bungacha “Atletiko”ni 2013/14-yilgi mavsumda ham chempion qilgandi. Simeone futbolchi sifatida 1996-yilda “matraschilar” bilan chempionlikni qo‘lga kiritgan.

Qayd etish joiz, so‘nggi 6 mavsum davomida La Ligada faqat “Real” va “Barselona” chempionlikni qo‘lga kiritib kelayotgandi: madridliklar ikki marta, katalon klubi esa 4-marta.

2020/21-yilgi mavsumda La Ligada ikkinchi o‘rinni “Real” egalladi, kuchli uchlikka “Barselona” yakun yasab berdi. To‘rtinchi pog‘ona esa “Sevilya”ga nasib etdi. “Real Sosyedad” va “Betis” kelasi mavsumda Yevropa Ligasida o‘ynaydi.

Foto: “Daryo” / Husan Sobitov

“Atletiko” La Ligadagi sovrinlar bo‘yicha faqat “Real” (34) va “Barselona”dan (26) ortda qolmoqda.