“Atletiko” klubi hujumchisi Luis Suares La Liga 38-turi doirasida “Valyadolid”ga qarshi kechgan o‘yindagi (2:1) g‘alabadan keyin o‘z fikrlari bilan o‘rtoqlashdi.

Foto: Twitter

Urugvaylik futbolchi ushbu uchrashuvda jamoasining g‘alaba to‘pini kiritgan holda “Atletiko”ga chempionlikni olib keldi.

“Men o‘tgan yozda og‘ir vaziyatni boshdan o‘tkazdim. Meni yerga urishgandi. “Atletiko” esa menga eshiklarini ochdi va o‘z darajamni ko‘rsatish uchun imkoniyat berdi. Bu mavsum men uchun hammasidan ham qiyin o‘tdi”, — deydi Luis Suares.

Uchrashuvdan keyin Suares ko‘z yoshlarini tiyib tura olmadi.

Eslatib o‘tamiz, Suares o‘tgan mavsumda Ronald Kuman qaroriga ko‘ra “Barselona”ni tark etgandi.

Suares La Liga 2020/21-yilgi mavsumida 32 ta o‘yinda 21 ta gol urib, 3 ta golli pasni amalga oshirdi. Ta’kidlash joiz, Luis Madrid jamoasining Primera joriy mavsumidagi 11 ta g‘alaba goliga muallif bo‘ldi.

“Valyadolid” — “Atletiko M” o‘yinida urilgan gollarni bu yerda ko‘rish mumkin — video.

Bu “Atletiko” uchun Ispaniya chempionatidagi 11-sovrin bo‘ldi. Shuningdek, jamoa Diyego Simeone qo‘l ostida 2-chempionlikni tantana qildi.

Yanada ko‘proq futbol va sport yangiliklaridan boxabar bo‘lishni istasangiz, “Daryo”ning Telegram’dagi rasmiy sport kanali — @Daryo_Sport24’ga obuna bo‘ling!