Rossiya Federal bojxona xizmati (FBX) Rossiya hududi orqali Gollandiyaga giyohvand moddalar olib ketayotgan jinoiy guruh qo‘lga olingani haqida xabar berdi.

Foto: Yandex

Guruh narkotiklarni Rossiya orqali har biri 200 kilogrammlik partiyalarga bo‘lib olib o‘tmoqchi bo‘lgan.

FBX ma’lum qilishicha, jinoyatchilar sxemasi oshkor qilingandan so‘ng, dastlabki to‘rt partiyaning Rossiya orqali tranziti to‘xtatilib, natijada huquq-tartibot idoralari xodimlari “oltin yarim oy” mamlakatlaridan (Afg‘oniston, Eron va Pokiston) olib kelinayotgan 810 kilogrammdan ortiq geroinni musodara qildi.

Shuningdek, kontrabanda kanalining ijrochilari, sheriklari va tashkilotchilari, jumladan, Yevropa Ittifoqi mamlakatlari fuqarolari hibsga olingan.

Hodisa yuzasidan Jinoyat kodeksining 4-qismi 229.1-moddasi (uyushgan guruh tomonidan o‘ta katta miqdordagi giyohvand moddalar kontrabandasi) bo‘yicha ikkita jinoyat ishi qo‘zg‘atildi.

FBX ketma-ket operatsiyalarda Federal xavfsizlik xizmati, Ichki ishlar vazirligi, shuningdek Qirg‘iziston Milliy xavfsizlik davlat qo‘mitasi ham ishtirok etganini xabar qildi.

Rossiya huquq-tartibot organlari xodimlari geroin xaridorlarini sud oldida javobgarlikka tortish uchun Yevropa Ittifoqidagi hamkasblari bilan birgalikda ish olib borishga harakat qilgani ammo hamkorlikka erisha olmaganini ta’kidladi.

FBX ma’lumotlariga ko‘ra, 2021-yilda rossiyalik mutaxassislar xalqaro narkokartellarning Shimoliy yo‘nalish deb nomlanadigan faoliyatini qayta tiklashga urinishlari va natijada giyohvand moddalarning Rossiya Federatsiyasi hududi orqali tranziti ortganini qayd etgan.

Avvalroq Qirg‘izistonning O‘sh viloyatida 440 kg giyohvand moddalar ortilgan yuk mashinasi qo‘lga olingandi. Qirg‘iziston Milliy xavfsizlik davlat qo‘mitasi xodimlarining aytishicha, musodara qilingan geroinning qora bozordagi narxi 20 million dollardan oshadi.