COVID-19 bilan kasallanmagan va emlash jarayonidan o‘tmagan kishi ehtiyot choralarini ko‘rishi kerak, chunki jamoaviy immunitet uni kasallikdan himoya qila olmaydi. Bu haqida immunolog Vladimir Bolibokning so‘zlariga asoslanib, “RBK” xabar berdi.

Foto: “RBK”

“Jamoaviy immunitetning individual shaxsga hech qanday ta’siri yo‘q. Immunitetga ega bo‘lmagan kishi kasal odam bilan aloqada bo‘lgan taqdirda unda kasallikni yuqtirish xavfi paydo bo‘ladi. Uning dastlabki holatiga qarab kasallik yengil yoki juda og‘ir shaklda kechishi mumkin”, — deya tushuntirdi immunolog.

Bolibok, shuningdek, jamoaviy immuniteti epidemiyaga qarshi choralarni rejalashtirishdagina muhim ahamiyat kasb etishini qo‘shimcha qildi.

Ba’zi sabablarga ko‘ra emlash jarayonidan o‘tolmaydiganlar uchun immunolog ehtiyot choralari masalasiga e’tibor bilan yondashishni maslahat berdi. Uning so‘zlariga ko‘ra, mazkur choralargina koronavirusga qarshi immuniteti yo‘q odamlar uchun kasal bo‘lmaslik imkonini beradi.

Avvalroq Quddus Haddasa Ayn Karam universiteti kasalxonasi bo‘limi mudiri, immunolog professor Polina Stepenskaya bolalarning koronavirus infeksiyasiga qarshi emlanmasligi jamoaviy immunitet paydo bo‘lishiga to‘sqinlik qilmasligini ta’kidlagandi. Uning hisob-kitoblariga ko‘ra, jamoaviy immunitetni shakllantirish uchun aholining 43-75 foizi infeksiya yuqtirgan yoki emlangan bo‘lishi yetarli.

Jons Hopkins universiteti ma’lumotiga ko‘ra, butun dunyoda 107 milliondan ortiq odam koronavirus bilan kasallangan, shundan 2,3 milliondan ortiq bemor vafot etgan.

Avvalroq Bloomberg koronavirus pandemiyasi qachon tugashini hisoblab chiqqan edi. Hisob-kitoblar uchun vaksinalar hajmi asos qilib olindi, chunki ilmiy jamoatchilik fikriga ko‘ra, pandemiyani yengish uchun dunyo aholisining 70-85 foizi emlanishi kerak.

Amerikalik olimlar esa COVID-19’ga qayta chalinish sabablarini ma’lum qilgan.