Buyuk Britaniya plastik chiqindilarni Turkiyaga yoppasiga eksport qilishda ayblanmoqda. Bu haqda Greenpeace xalqaro ekologiya tashkilotining hisobotiga tayanib, Tengrinews xabar berdi.

Foto: Twitter

Hisobotda aytilishicha, Buyuk Britaniya plastik chiqindilar muammosini hal qilishda samarasiz faoliyat olib bormoqda va bunday chiqindilarning aksariyati mamlakat ichida qayta ishlanmay, chet elga olib chiqilyapti. Greenpeace bunday xatti-harakatni “ekologik irqchilik” deb atadi.

Ekologlarning ma’lumotlariga ko‘ra, 2020-yilda Buyuk Britaniya 210 ming tonna plastik chiqindilarni Turkiyaga chiqargan, bu Buyuk Britaniyadagi jami plastik chiqindilarning 40 foizini tashkil qiladi. Turkiyada bu chiqindilar qayta ishlanmaydi, balki yo‘llar, dalalar va suv havzalariga tashlab yuboriladi.

Buyuk Britaniya muammoni nazorat ostiga olishga chaqirilganidan keyin, hukumat mamlakatning “plastik chiqindilari bilan ifloslanishga qarshi kurashuvchi dunyo yetakchisi” ekanini ta’kidladi.

Tashkilotning hisobotida Turkiya Yevropaning yirik plastik chiqindixonasiga aylangani aytiladi.

Xayriya tashkiloti Turkiyaning janubidagi 10 ta hududni o‘rganib chiqib, ularning barchasida Buyuk Britaniyaning supermarketlari va chakana savdo do‘konlariga tegishli polietilen paketlar va qadoqlarni topganini ma’lum qildi.

Ta’kidlanishicha, chiqindilar orasidan koronavirus testining qadoqlari ham topilgan. Bu shuni anglatadiki, ekofaollar tomonidan topilgan barcha chiqindilar 2020-yilda yoki 2021-yilning boshida Britaniyadan olib kelingan.

Tadqiqot natijalariga ko‘ra, Buyuk Britaniyadan tashqari, AQSh, Italiya, Germaniya kabi davlatlar ham o‘z chiqindilarini Turkiyaga olib keladi. Ushbu mamlakatga har kuni 240 tadan ortiq konteynerda plastik chiqindilar keladi va ularning atigi 12 foizi qayta ishlanadi.

Mutaxassislarning ta’kidlashicha, 2016-yildan 2020-yilgacha Turkiyaga Buyuk Britaniyadan kirib kelgan chiqindilar miqdori 18 martaga (12 ming tonnadan 210 ming tonnagacha), Germaniyadan kirib kelgan chiqindilar miqdori 7 martaga (6,7 ming tonnadan 136 ming tonnagacha) ko‘paydi. Ularning aksariyatini qayta ishlash murakkab bo‘lgan aralashma plastiklar tashkil qiladi.

Avvalroq Yevropa Ittifoqi kambag‘al mamlakatlarga saralanmagan plastik chiqindilarning eksport qilinishini taqiqlagan edi.

Shuningdek, kriptovalyuta olish uchun qazib olinayotgan yonilg‘ilar miqdorining oshib borayotgani sababli elektromobil ishlab chiqaruvchi Tesla kompaniyasi bitkoinlarni to‘lov sifatida qabul qilishni to‘xtatgani ma’lum bo‘ldi.

Yaponiya hukumati esa Fukusima AESning tozalangan radioaktiv suvlarini okeanga chiqarib yuborishga qaror qildi. Mahalliy OAV ma’lumotlariga ko‘ra, hozirda Fukusimaning chiqindi suvlari maxsus omborlarda saqlanmoqda, ular tozalangan, lekin tarkibida avvalgidek radioaktiv tritiy mavjud.