Kvebek universiteti olimlari “Titanik” halokatidan avval kemadan dengizga tashlangan bo‘lishi mumkin bo‘lgan shisha (butilka) ichidagi maktubni o‘rganmoqda. Bu haqda universitetning saytida ma’lum qilingan deb yozadi Esquire.

Foto: Esquire

Ma’lum qilinishicha, mazkur maktubni 2017-yilda Xoulvell-Roks qoyalari yaqinida dam olayotgan Shervuh oilasi qum orasidan topib olgan va topilmani mutaxassislarga topshirgan. Shishadagi xat 1912-yil 13-aprel kuni Matilda Lefevr tomonidan yozilgan.

Mutaxassislarning ma’lumotiga ko‘ra, g‘arq bo‘lgan kemaning 3-klassida darhaqiqat shunday ismli yo‘lovchi bo‘lgan. Olimlar, shuningdek, qizning ayni vaqtda tirik bo‘lgan qarindoshlari bilan ham bog‘lanishga muvaffaq bo‘lgan.

Foto: Esquire

Onasi, ikki ukasi va opalari bilan Nyu-Yorkka ketayotgan 13 yashar Matilda Lefevrni otasi kutib olishi kerak bo‘lgan. Ammo “Titanik”ning 14-apreldan 15-aprelgacha o‘tar kechasi cho‘kishi oqibatida Lefevrlar oilasi boshqa yo‘lovchilar qatorida vafot etgan.

“Men bu shishani Atlantika o‘rtasida dengizga tashlayapman. Biz bir necha kundan keyin Nyu-Yorkka yetib borishimiz kerak. Agar kimdir uni topsa, Leuvendagi Lefevr oilasiga xabar bering”, — deyiladi Matildaning maktubida.