Samarqand shahar hududida infeksiyani yuqtirib olish ko‘rsatkichi bir necha barobar oshib borayotgani sababli ta’lim muassasalarida 14 kunlik yangi karantin davri joriy etildi. Bu haqda shahar hokimligi matbuot xizmati rahbari Abdujabbor Po‘latov ma’lum qildi.

“Samarqand shahar hududida infeksiyani yuqtirib olish ko‘rsatkichi bir necha barobar oshib borayotgani va uning tarqalishining oldini olish maqsadida komissiyaning navbatdagi qarori tasdiqlandi. Unga ko‘ra, 14 kunlik yangi karantin davri joriy etildi, ya’ni 10-maydan 25-mayga qadar shahardagi maktabgacha ta’lim muassasalari, umumta’lim maktablari, akademik litsey va kasb-hunar kollejlari hamda oliy o‘quv yurtlarida dars jarayonlari onlayn shaklda davom etadi.

Samarqand shahri fuqarolari va mehmonlaridan karantin talablariga rioya etishlarini so‘rab qolamiz”, — deyiladi bayonotda.

Eslatib o‘tamiz, Samarqand shahar hokimligi huzuridagi Epidemiyaga qarshi kurashish favqulodda komissiyasining qarori asosida shahardagi barcha ta’lim muassasalari 27-apreldan 10-may kuniga qadar karantinga olingan va ta’lim berish tizimi onlayn shaklga o‘tkazilgan edi.

Sog‘liqni saqlash vazirligi ma’lumotiga ko‘ra, 10-may kuni Samarqand viloyatida hududida yana 29 kishida koronavirus tasdiqlangan.