Futbol bo‘yicha Yevropa Chempionlar Ligasining 1/2 final javob o‘yini doirasida “Manchester Siti” o‘z maydonida 4-may, seshanba kuni “PSJ” bilan to‘qnash keldi.

Foto: Twitter / “Daryo”

Uchrashuv tezkor gol bilan boshlandi. 11-daqiqada Riyad Mahrez “shaharliklar”ni oldinga olib chiqdi. Jamoalar shu hisobda tanaffusga yo‘l oldi.

Ikkinchi bo‘lim voqealarga boy bo‘ldi. 63-daqiqaga kelib, Mahrez “Manchester Siti”ning qarshi hujumini golga aylantirgan holda oradagi farqni oshirdi. Bu uning o‘yindagi ikkinchi goli edi. Oradan 6-daqiqa o‘tar-o‘tmas esa Anxel di Mariya qizil kartochka olib, maydonni tark etdi. Shundan so‘ng jamoalar qator hujumlar uyushtirdi, biroq darvozalar boshqa ishg‘ol etilmadi.

Shu tariqa Pep Gvardiola boshchiligidagi “Manchester Siti” o‘z tarixida ilk marta Chempionlar Ligasi finaliga yo‘l oldi. Jamoa hal qiluvchi o‘yinda “Real” — “Chelsi” juftligi g‘olibi bilan to‘qnash keladi. Final uchrashuvi 29-may kuni Turkiyaning Istanbul shahrida bo‘lib o‘tadi.

YChL

1/2 final, javob bahsi

“Manchester Siti” Angliya — “PSJ” Fransiya 2:0

Gollar: 1:0 – 11 Mahrez, 2:0 – 63 Mahrez.

“Manchester Siti”: Ederson, Uoker, Ruben Diash, Stounz, Zinchenko, de Bryuyne (Gabriel Jezus, 82), Gundo‘g‘on, Foden (Aguero, 85), Fernandinyo, Mahrez, Bernardu Silva (Sterling, 82).

“PSJ”: Navas, Florensi (Dagba, 75), Kimpembe, Diallo (Bakker, 82), Markinyos, di Mariya, Errera (Draksler, 62), Paredes (Danilu Pereyra, 75), Verratti, Ikardi (Kin, 62), Neymar.

Ogohlantirishlar: Errera (22), Zinchenko (71), Verratti (71), de Bryuyne (74), Kimpembe (87).

Chetlatish: di Mariya (69).

Birinchi o‘yin — 2:1.