O‘zbekiston Prezidenti Shavkat Mirziyoyevning Xitoy raisi Si Szinpin bilan telefon orqali muloqoti bo‘lib o‘tdi. Bu haqda Prezident matbuot xizmati xabar qildi.

Suhbat avvalida davlat rahbarlari bo‘lajak muhim sanalar munosabati bilan bir-birini samimiy tabriklab, ezgu tilaklar bildirdi. 2021-yilda XXRda Xitoy Kommunistik partiyasi tashkil topganining 100 yilligi, O‘zbekistonda esa mamlakat mustaqilligining 30 yilligi keng nishonlanadi. Yetakchilar do‘st xalqlarimizga tinchlik, farovonlik va ravnaq tiladi.

Muloqotda ikki tomonlama va xalqaro kun tartibining dolzarb masalalari muhokama qilindi.

Keyingi yillarda O‘zbekiston—Xitoy do‘stlik va har tomonlama strategik sheriklik munosabatlarida yuksak darajaga erishilgani, mamlakatlar o‘rtasidagi ko‘p qirrali hamkorlik rivojlanib borayotgani katta mamnuniyat bilan qayd etildi.

XXR raisi O‘zbekistonda aholi turmush darajasi va sifatini yuksaltirishga qaratilgan ijtimoiy-iqtisodiy islohotlar va yangilanishlarni yuqori baholadi va ularni qo‘llab-quvvatlashini bildirdi. Kambag‘allikka qarshi kurashish bo‘yicha Xitoyda to‘plangan katta tajribani chuqur o‘rganish masalasida yaqindan hamkorlikni davom ettirishga kelishib olindi. Ma’lumot uchun, fevral oyida Xitoy hukumati mamlakatda mutlaq qashshoqlikni yo‘q qilishda to‘liq g‘alaba qozonganligini e’lon qildi. Ushbu maqomdan deyarli 100 million kishi olib tashlandi. So‘nggi sakkiz yil ichida mamlakat qashshoqlikka qarshi kurashga qariyb 246 milliard dollar sarmoya kiritdi.

Davlat rahbari koronavirus pandemiyasiga qarshi kurashda ko‘rsatilgan amaliy yordam uchun Xitoy yetakchisiga samimiy minnatdorlik bildirdi.

O‘zbekiston va Xitoyning vakolatli idora va tashkilotlari sog‘liqni saqlash sohasidagi o‘zaro manfaatli hamkorlikni mustahkamlab, aholini ommaviy emlash bo‘yicha birgalikdagi samarali ishlarni kengaytiradi.

O‘zbekiston Prezidenti “Yagona Xitoy” siyosatini hamda “uch yovuz kuch” — terrorizm, ekstremizm va separatizmga qarshi kurashish borasidagi sa’y-harakatlarni doimo qo‘llab-quvvatlashini yana bir bor ta’kidladi.

“Bir makon, bir yo‘l” tashabbusi doirasidagi samarali muloqot, shu jumladan, mintaqada muhim infratuzilmaviy loyihalarni, ular qatorida Xitoy—Qirg‘iziston—O‘zbekiston avtomobil va temiryo‘llarini qurish loyihasini ilgari surish ishlari davom etayotgani qayd etildi. O‘zbekistonning Markaziy va Janubiy Osiyo o‘zaro bog‘liqligini mustahkamlash bo‘yicha taklifi qo‘llab-quvvatlandi.

Yetakchilar savdo-iqtisodiy, investitsiyaviy va moliyaviy hamkorlikni kengaytirish masalalariga alohida to‘xtaldi.

Murakkab sharoitlarga qaramasdan, pandemiyaning salbiy oqibatlarini kamaytirish va 2021-yil boshidan o‘zaro savdoning 33 foizga o‘sishini ta’minlashga erishilgani ta’kidlandi.

Mamlakatlar yaqin yillarda tovar ayirboshlash hajmini 10 milliard dollarga yetkazish, shuningdek, eksport va import ko‘rsatkichlarining mutanosibligini ta’minlash sari muvaffaqiyatli harakat qilmoqda. O‘zbekiston Shanxay shahrida o‘tadigan navbatdagi Import mahsulotlari Xitoy xalqaro ko‘rgazmasida faol ishtirok etadi.

Davlat rahbarlari O‘zbekiston va Xitoy yetakchi korxonalarining turli tarmoqlardagi kooperatsiyasini kuchaytirish, shuningdek, iqtisodiyotning yuqori texnologik tarmoqlaridagi loyihalarni ilgari surishda o‘zaro ko‘maklashish zarurligini qayd etdi. Keng ko‘lamli savdo-iqtisodiy va investitsiyaviy hamkorlik bo‘yicha o‘rta muddatli qo‘shma dasturni tayyorlash va qabul qilish yuzasidan kelishuvga erishildi.

Mamlakat yetakchi bank-moliya institutlarining Xitoy Davlat taraqqiyot banki va Eksimbanki, Ipak yo‘li fondi bilan hamda xalqaro moliyaviy tashkilotlar doirasidagi sherikligining bugungi darajasi yuksak baholandi.

Yetakchilar O‘zbekiston—Xitoy hukumatlarararo qo‘mitasi faoliyatini kuchaytirish va yaqin fursatda uning navbatdagi majlisini o‘tkazish topshirig‘ini berdi.

Parlamentlararo aloqalarni davom ettirish, ikki mamlakat hududlari o‘rtasidagi faol almashinuvlarni qayta tiklash, madaniy-gumanitar sohadagi hamkorlik dasturlarini kengaytirishga alohida e’tibor qaratildi.

Suhbat chog‘ida xalqaro va mintaqaviy ahamiyatga molik masalalar, shu jumladan, “Xitoy—Markaziy Osiyo” formatidagi hamkorlik yuzasidan ham fikr almashildi.

Shanxay hamkorlik tashkiloti doirasidagi ko‘p tomonlama munosabatlar va amaliy hamkorlikni kengaytirish, O‘zbekistonda ushbu tashkilotning sammitini o‘tkazish masalalari muhokama qilindi. ShHT Muloqot guruhining Afg‘onistondagi tinchlik jarayoniga ko‘maklashish va ushbu mamlakatni iqtisodiy tiklashdagi muhim o‘rni qayd etildi.

Yetakchilar bo‘lajak oliy darajadagi tadbirlar rejasini ko‘rib chiqdi hamda rejadagi Xitoy raisining O‘zbekistonga tashrifiga keng ko‘lamli hamkorlikni rivojlantirish, ko‘p asrlik mustahkam do‘stlik rishtalari va har tomonlama strategik sheriklik munosabatlarini mustahkamlashda muhim tarixiy ahamiyat kasb etadigan voqea sifatida puxta tayyorgarlik ko‘rish muhim ekanini qayd etdi.

Bundan avval Shavkat Mirziyoyev Turkmanistonga jo‘nab ketgani, Shavkat Mirziyoyev iqtisodiy zonalarda amalga oshirilayotgan investitsiya loyihalari muhokamasi yuzasidan yig‘ilish o‘tkazgani hamda Shavkat Mirziyoyev ko‘p kvartirali uylarni boshqarish tizimini takomillashtirishga oid taqdimot bilan tanishgani haqida xabar berilgandi.