Amerikalik reper Kanye Uestning Yeezy lineykasidagi ilk krossovka auksion orqali tarixdagi eng yuqori narxda sotildi, deb xabar beradi France 24.

Foto: Deccan Herald

Gap hip-hop ijrochi va dizayner Mark Smit hamkorligida Nike markasi uchun 2007-yilda yaratilgan Nike Air Yeezy 1 krossovkasining birinchi prototipi haqida ketmoqda. Bir juft oyoq kiyim tabiiy charmdan ishlangan va kamar bilan bezatilgan, shuningdek, Y harfi ko‘rinishidagi pushti ilgakka ega.

Ma’lumotlarga ko‘ra, musiqachi birinchi bor ushbu krossovkalarda 2008-yili  Gremmi mukofotini topshirish marosimida ko‘rinish berib, uni jamoatchilikka namoyish etgan. Ushbu oyoq kiyim savdosi esa 2009-yilning aprelida boshlangan.

Sotheby’s kimoshdi uyi Nike Air Yeezy 1 krossovkasini 12-aprel kuni sotuvga qo‘ygan va 26-aprel kuni u 1,8 million dollarga sotilgan. Xaridorning ismi oshkor etilmagan, shu bilan birga, oyoq kiyimni auksionga nyu-yorklik kolleksioner Rayan Chang taqdim etgan.

Nashrning yozishicha, ushbu krossovkalar hozirga qadar auksionlar bozori orqali sotilgan eng qimmat oyoq kiyimga aylangan. “Shuningdek, ularning narxi million dollardan oshgan birinchi oyoq kiyimga aylandi”, — deya qo‘shimcha qiladi Sotheby’s.

Avvalroq E-bay platformasida basketbolchi Maykl Jordanning imzosi tushirilgan Air Jordan 1 krossovkalari sotuvga qo‘yilgani, bir juft oyoq kiyim narxi 1 million dollarga baholanayotgani to‘g‘risida xabar berilgandi.