Sirdaryo viloyati Oqoltin tumanida sodir bo‘lgan YTH oqibatida 2 kishi vafot etdi, deya xabar qilmoqda YHXBB.

Qayd etilishicha, 2021-yil 18-apreldan 19-aprelga o‘tar kechasi soat 00:30 larda xalqaro ahamiyatdagi M39 avtomobil yo‘lining Oqoltin tumani hududidan o‘tuvchi 918-kilometrida yo‘l-transport hodisasi sodir bo‘lgan.

Ma’lum qilinishicha, Isuzu yuk mashinasi orqasidan kelayotgan avtomobilga yo‘l berishi uchun keskin ravishda rulni o‘ng tarafga burgan. Natijada yo‘l chetiga to‘xtab turgan Nexia va “ZIL” mashinalarining ortidan kelib urgan. Zarb oqibatida Nexia “ZIL”ning tagiga kirib ketgan.

Oqibatda Nexia’ning ikki nafar yo‘lovchisi voqea joyida vafot etgan, yana ikki nafari tan jarohati olib, shifoxonaga yotqizilgan.

Bundan avval Navoiyda Nexia urib yuborgan velosiped haydovchisi shifoxonada vafot etgani, Toshkentda Malibu va Lacetti to‘qnashuvi oqibatida Ozarbayjon fuqarosi vafot etgani hamda Farg‘onada Lacetti yo‘lni kesib o‘tayotgan 12 yoshli velosipedchini urib ketgani haqida xabar berilgandi.