Prezident matbuot kotibi Sherzod Asadov 7-aprel kuni vazirlik va idoralarning matbuot kotiblari bilan ochiq muloqot o‘tkazdi. Uchrashuvda matbuot xizmatlari faoliyati, ularning jurnalist va blogerlar bilan hamkorlik darajasi tahlil qilindi, deyiladi matbuot kotibning Facebook’dagi sahifasida.

Foto: Telegram / Prezident matbuot kotibi

“Keyingi besh yilda mamlakatda butkul yangi — davlat idoralari va tashkilotlarining matbuot kotiblari instituti shakllangan bo‘lib, ularga keng vakolat va imkoniyatlar taqdim etilgani alohida qayd etildi. Endilikda ularning faoliyatini yanada takomillashtirish, o‘zlari ishlayotgan tashkilotning ochiqligini ta’minlash va islohotlar natijasini aholiga yetkazishdagi rolini kuchaytirish zarurligi ta’kidlandi. Shu bilan birga, ayrim vazirlik va idoralarning matbuot xizmatlari sust ishlayotgani ko‘rsatib o‘tildi”, — deyiladi xabarda.

Matbuot kotiblariga yuzlana turib Sherzod Asadov shunday dedi: “Ayrim tanqidlar, savollar ochiq qolyapti. Ommaviy axborot vositalari va ijtimoiy tarmoqlarda chiqayotgan tanqidiy materiallarga tezkor munosabat bildirish, aholiga to‘liq axborot berish shart. Bu bo‘yicha katta ishlarni amalga oshirishimiz, hamkorlik vertikalini yaratishimiz kerak. Buning uchun prezident matbuot xizmati doimo ochiq”.

Ta‘kidlanishicha, muloqot davomida “prezident matbuot kotibi bilan davlat idoralari matbuot kotiblari o‘rtasida to‘g‘ridan to‘g‘ri aloqani yo‘lga qo‘yish mexanizmi kelishib olingan”.

Eslatib o‘tamiz, Sherzod Asadov mart oxirlarida Prezident matbuot kotibi etib tayinlangan edi. Tashqi ishlar vazirining sobiq o‘rinbosari ayni vaqt prezident Administratsiyasi rahbari o‘rinbosari ham hisoblanadi. Unga davlat rahbarining faoliyatini yoritish masalasi bilan birga vazirlik va davlat idoralarining matbuot kotiblari faoliyatini ham muvofiqlashtirish vazifasi topshirilgan.