Prezident Shavkat Mirziyoyevning yangi matbuot kotibi Sherzod Asadov 29-mart, dushanba kuni Milliy matbuot markazida ilk brifingni o‘tkazdi. U mazkur haftada davlat rahbari ishtirok etadigan xalqaro tadbirlar haqida ma’lumot berdi, deya xabar qilmoqda “Daryo” muxbiri.

Foto: “Daryo”

Asadovning ta’kidlashicha, Vengriya bosh vaziri Viktor Orban boshchiligidagi delegatsiyasining Shavkat Mirziyoyev bilan uchrashuvi 30-mart, seshanba kuni Ko‘ksaroyda bo‘lib o‘tadi. Muzokaralarda ikki mamlakat o‘rtasidagi siyosiy, savdo-iqtisodiy, investitsiyaviy, moliyaviy-texnik va madaniy-gumanitar hamkorlikni rivojlantirish masalalari muhokama qilinadi.

“Vengriya O‘zbekistonning Yevropa Ittifoqidagi eng yaqin hamkorlaridan biri bo‘lib, mamlakatlarimiz ko‘p qirrali amaliy sheriklikni yo‘lga qo‘ygan va turli darajalarda faol muloqot qilib kelmoqda.

Xususan, savdo-iqtisodiy aloqalar haqida gapirganda, so‘nggi to‘rt yilda ikki mamlakat o‘rtasidagi savdo aylanmasi deyarli uch barobarga o‘sgan. Murakkab pandemiya sharoitiga qaramay, o‘tgan yili ham hamkorlik samarali bo‘lib, tovar ayirboshlash hajmi ko‘paygan”, — dedi Prezident matbuot kotibi.

Foto: “Daryo”

Uning qo‘shimcha qilishicha, tashrifdan asosiy maqsad – tovar ayirboshlash hajmini yanada oshirish.

“Turli sohalarda, jumladan, qayta ishlash sanoati, qishloq xo‘jaligi, suv xo‘jaligi, farmatsevtika, turizm yo‘nalishlarida hali foydalanilmagan juda katta imkoniyatlar bor. Shu bois ham bugun Toshkentda ikki mamlakat ishbilarmonlar kengashining birinchi majlisi bo‘lib o‘tmoqda. Xususan, unda Vengriyaning OTP-Bank, Eksimbank, ‘Gedeon Rixter’, ‘Xunbas’, ‘Vitafort’, ‘Meditop’, ‘Xevesh-gep’ kabi 40 dan ziyod yirik kompaniya va moliyaviy tuzilmalari rahbarlari qatnashib, o‘zaro manfaatli loyihalarni ishlab chiqmoqda.

Bundan tashqari, Samarqand va Jizzax viloyatlarida iqtisodiy va ijtimoiy sohalarni modernizatsiya qilish, xususan, qishloq xo‘jaligini sanoatlashtirish, eksport salohiyatini oshirish borasida Vengriya tajribasini qo‘llash mo‘ljallangan. Shu maqsadda Vengriyadan yuqori malakali ekspertlar guruhi ham kelgan”, — dedi Sherzod Asadov.

Foto: “Daryo”

Brifingda ma’lum qilinishicha, tashrif doirasida iqtisodiyot, energetika, ta’lim, madaniyat, hududlararo hamkorlik, bandlik masalalari bo‘yicha 10 ga yaqin hujjat imzolanishi kutilmoqda. 31-mart kuni yakunlanadigan tashrif davomida Viktor Orbanning ilmiy-tadqiqot va tarixiy obyektlar bilan tanishishi ham rejalashtirilgan.

Foto: “Daryo”

Tadbir mobaynida Sherzod Asadov 31-mart, chorshanba kuni Qozog‘istonning Turkiston shahrida bo‘lib o‘tishi ko‘zda tutilayotgan Turkiy tilli davlatlar hamkorlik kengashining norasmiy sammiti to‘g‘risida ham so‘z yuritdi.

“Tadbirning formati o‘zgardi. Butun dunyoda epidemiologik vaziyat tufayli anjumanni videokonferensiya tarzida o‘tkazishga qaror qilingan. O‘zbekiston Prezidenti Shavkat Mirziyoyev ham ushbu sammitda ishtirok etadi va nutq so‘zlaydi.

Sammitda davlat rahbarlari Turkiy kengashning 2020–2025-yillarga mo‘ljallangan strategiyasi va boshqa hujjatlarni muhokama qilishi rejalashtirilgan. Sammit yakunida Turkiy tilli davlatlar hamkorlik kengashining Turkiston deklaratsiyasi qabul qilinishi ko‘zda tutilgan”, — dedi Prezident Adminstratsiyasi rahbarining o‘rinbosari.

Sherzod Asadovning qayd etishicha, Shavkat Mirziyoyev faoliyati haqida doimiy tarzda brifing o‘tkazib boriladi.