NASA eng ertasi bilan 11-aprel, yakshanba kuni Ingenuity vertolyotining Marsdagi birinchi parvozini amalga oshirishni rejalashtirmoqda, deb xabar berildi Amerikaning kosmik agentligi saytida.

Foto: NASA / JPL-Caltech / ASU

NASA’ning xabar berishicha, vertolyot havo harorati -90 darajagacha tushib ketadigan Qizil sayyoradagi birinchi sovuq tundan omon chiqdi.

Dastlab Marsga yuborilgan birinchi 1,8 kilogrammlik Ingenuity vertolyoti Perseverance marsoxodining ichida edi. Keyin vertolyot roverdan ajrab chiqdi va Yezero krateri yuzasiga tushirildi.

2020-yilning iyul oyi oxirida Atlas V tashuvchi raketasi Perseverance marsoxodi va Ingenuity vertolyoti bilan birgalikda Kanaveral burnida joylashgan kosmodromdan uchirilgan edi. 2021-yilning fevral oyida Amerika roveri Qizil sayyoraga qo‘ndi va ilk fotosuratlarni Yerga yubordi.

Yezero krateriga tushirilgan marsoxod u yerdan hayot alomatlarini izlaydi.

Avvalroq Perseverance marsoxodi birinchi marta Mars yuzasida “sayr qilgani” haqida xabar berilgan edi. Shuningdek, AQSh Aeronavtika va fazoviy bo‘shliqlarni tadqiq qilish milliy agentligi (NASA) Perseverance roverini Marsga qo‘ndirish vaqtida olingan videoyozuvni e’lon qilgandi.