Samarqand viloyati IIB Paxtachi tumanida bir guruh fuqarolar elektr energiyasi yo‘qligidan norozi bo‘lib, yo‘l bo‘yiga chiqqanligi yuzasidan ma’lumot berdi.

Kadr: Telegram

Ma’lum qilinishicha, 5-aprel kuni Paxtachi tumani “Saroy” mahallasida yashovchi 15-20 nafar fuqaro shu mahallada o‘rnatilgan transformator buzilganligi sababli elektr energiyasi yo‘qligidan norozi bo‘lib, M-37 yo‘lining mahalla hududidan o‘tuvchi qatnov qismini yopishga harakat qilgan.

Hodisa joyiga IIB xodimlari borib, fuqarolar bilan tushuntirish ishlari olib borgan va ular uylariga tarqatib yuborilgan.

“Hozirda ushbu mahallaga yangi transformator olib kelib o‘rnatilmoqda”, — deyiladi xabarda.

O‘zbekistonda so‘nggi yillarda u yoki bu kamchilikdan muttasil aziyat chekayotgan aholining norozilik tariqasida yo‘llarni to‘sib qo‘yish holatlari tez-tez yuz bermoqda. Xususan, avvalroq Sirdaryodagi zapravkada gaz berilmayotganidan norozi haydovchilar yo‘lni to‘sib qo‘ygandi, dekabr oxirida esa Qo‘qondagi mahallalardan birining aholisi gaz va elektr energiyasi ta’minotining yo‘qligi sabab hokimlik qarshisidagi yo‘lni to‘sib qo‘ygan. Shu yilning yanvar o‘rtalarida esa Jizzaxning Paxtakor tumanida gaz yo‘qligidan norozi ayollar katta yo‘lni to‘sib, avtomobillar harakatiga xalaqit bergandi.