O‘zbekiston yil oxirigacha COVID-19’ga qarshi vaksina ishlab chiqarishni yo‘lga qo‘yishni rejalashtirmoqda. Bu haqda Farmatsevtika sanoatini rivojlantirish agentligi direktori Sardor Kariyev “Innoprom” xalqaro sanoat ko‘rgazmasining ishbilarmonlar dasturi doirasida ma’lum qildi, deb xabar bermoqda “Gazeta.uz”.

Sardor Kariyev.

Foto: “Gazeta.uz”

U Prezidentning 2020-yil 25-noyabrdagi qarorida mamlakatda vaksina ishlab chiqarish maydoni va xalqaro standartlarga javob beradigan sinov laboratoriyasi tashkil etilishi ko‘zda tutilganini eslatib o‘tgan.

“O‘zbekiston o‘zini zarur vaksinalar bilan, shu jumladan, koronavirusga qarshi vaksina bilan ta’minlay oladigan infrastruktura yaratish bo‘yicha topshiriq berilgan”, — degan u.

Uning so‘zlariga ko‘ra, Farmatsevtika sanoatini rivojlantirish agentligi Toshkent tibbiyot akademiyasi va boshqa hamkorlar bilan bu yo‘nalishda ishlar olib bormoqda. Hozirda yangi ishlab chiqarish majmuasi loyihalashtirilmoqda, ilmiy institutlar esa koronavirusga qarshi vaksina yaratish ustida ishlamoqda.

“Yil oxiriga qadar bizning ishlab chiqarish maydonchamiz tayyor bo‘ladi. Bundan tashqari, Innovatsion rivojlanish vazirligi va olimlarimiz yangi mahalliy vaksinani yaratmoqda”, — degan u.

2020-yilning dekabrida “Gazeta.uz” Farmatsevtika tarmog‘ini rivojlantirish agentligi Rossiyaga Tashkent Pharma Park innovatsion ilmiy-ishlab chiqarish farmatsevtika klasteri hududida koronavirusga qarshi Rossiya vaksinasini ishlab chiqarishni taklif qilgani haqida xabar bergan edi. O‘shanda immunobiologik vaksinalar ishlab chiqarish loyihasi 53 million dollarga baholangandi. O‘sha yili Rossiyaning “Sputnik V” vaksinasi namunalari ro‘yxatdan o‘tkazish va mamlakat hududida vaksinalar ishlab chiqarish sanoatini ishga tushirish uchun zarur bo‘lgan sinovlarni o‘tkazish maqsadida O‘zbekistonga olib kelingandi.

Sardor Kariyev tomonlar hozircha loyiha detallarini muhokama qilayotganini ma’lum qildi.

“Vaksinalar ishlab chiqarish — texnologik jihatdan juda murakkab jarayon. Biz Rossiya tomoniga taklif bilan chiqdik. O‘zbekistonda xalqaro standartlarga muvofiq vaksinaning istalgan turini ishlab chiqarish imkoniyatiga ega bo‘lgan bir nechta ishlab chiqarish maydonlari mavjud. Ammo bu jarayon juda uzoq muddatli”, — degan u.

Uning ta’kidlashicha, vaksinalar ishlab chiqarish loyihasida texnologiyalarni transfer qilish ko‘zda tutiladi.

“Bizda ishlab chiqarish bazasi mavjudligiga qaramay, u biroz modernizatsiya qilinishi, yangi texnologik jarayonlarga moslashtirilishi kerak. Shu munosabat bilan bizda muzokaralar olib borilmoqda, mutaxassislar kelib, ishlab chiqarish maydonlarini ko‘rib chiqmoqda, texnologik transfer masalalarini muhokama qilmoqda. Shuning uchun ushbu masala boshlanishi muddatini aytish juda qiyin. Ammo umuman olganda, ish olib borilmoqda”, — degan agentlik rahbari.

Aprel oyi boshlarida O‘zbekiston Fanlar akademiyasi Genomika va bioinformatika markazi olimlari koronavirusning to‘liq genomlarini birinchi marta O‘zbekistonda o‘qigani va bioinformatik tahlil ishlarini olib borgani haqida xabar berilgan edi. Shu munosabat bilan O‘zbekiston o‘z hududida koronavirusning barcha variantlari DNK ketma-ketligini to‘liq sekvenlagan 50 ta mamlakat qatoridan o‘rin oldi.

“O‘zbekistonda tarqalgan koronavirus variantlari haqidagi ma’lumotlar aynan yurtimizda tarqalgan shtammlarga qarshi yo‘naltirilgan milliy vaksinamizni yaratish ishlari uchun o‘ta muhimdir”, — deyilgan edi xabarda.