O‘zbekiston Oliy Majlisi Senati Fan, ta’lim va sog‘liqni saqlash masalalari qo‘mitasi tomonidan yetim bolalar va ota-onasining yoki boshqa qonuniy vakillarining qaramog‘idan mahrum bo‘lgan bolalarni ijtimoiy qo‘llab-quvvatlashning qonuniy asoslarini yanada mustahkamlash masalasini kompleks o‘rganish bo‘yicha ishchi guruh yig‘ilishi o‘tkazildi. Bu haqda Oliy Majlisning Inson huquqlari bo‘yicha vakili (ombudsman) matbuot xizmati xabar qildi.

Foto: Oliy Majlisning Inson huquqlari bo‘yicha vakili matbuot xizmati

Yig‘ilishda senatorlar, Oliy Majlisning Inson huquqlari bo‘yicha vakili o‘rinbosari — Bola huquqlari bo‘yicha vakil, Senat kengashi qarori bilan tasdiqlangan ishchi guruh a’zolari hamda ommaviy axborot vositalari vakillari ishtirok etdi.

Unda mamlakatda ijtimoiy himoyaga muhtoj bo‘lgan qatlam, yetim bolalar va ota-ona qaramog‘idan mahrum bo‘lgan bolalarga ta’lim berish, ularning huquq va erkinliklarini muhofaza qilish hamda manfaatlarini ro‘yobga chiqarish bo‘yicha muayyan ishlar amalga oshirilayotganligi ta’kidlandi.

Xususan, davlat rahbarining parlamentga yo‘llagan Murojaatnomasida 2021-yilda ehtiyojmand oilalarning farzandlari, shu jumladan, chin yetim, nogironligi bo‘lgan va davolanishga muhtoj bolalarga alohida mehr-muruvvat ko‘rsatish bo‘yicha yangi tizim joriy etilishi, bunda 2021-yilda birinchi marta 900 nafar chin yetim yoshni uy-joy bilan ta’minlash uchun 50 milliard so‘m mablag‘ ajratilayotganligi ta’kidlab o‘tildi.

Foto: Oliy Majlisning Inson huquqlari bo‘yicha vakili matbuot xizmati

Tadbirda so‘z olgan Bola huquqlari bo‘yicha vakil Aliya Yunusova 2020-yilda uning boshchiligida olib borilgan monitoring tashriflari hamda bola huquqlari bo‘yicha yuborilgan murojaatlar tahlili “Mehribonlik” uylari tarbiyalanuvchilarining turar joy bilan ta’minlanishi borasida kamchiliklar borligini qayd etdi.

Olingan ma’lumotlarga ko‘ra, 2021-yilning 1-yanvar holati bo‘yicha “Mehribonlik” uylari tarbiyalanuvchilarining 610 nafari turar joy bilan ta’minlangan, 578 nafar esa bugungi kunda ham turar joyga muhtoj bo‘lib turibdi.

Bundan tashqari, 2020-yil davomida yetim bolalar va ota-ona qaramog‘idan mahrum bo‘lgan bolalar hamda “Mehribonlik” uylari bitiruvchilari tomonidan Bola huquqlari bo‘yicha vakil nomiga turar joy berilmaganligi yoki berilgan turar joylar uy-joy maydonining ijtimoiy normasiga muvofiq emasligi borasida 20 ga yaqin murojaat kelib tushgan.

Qonun hujjatlarida belgilangan normalarga asosan berilayotgan turar joy bo‘sh, alohida, qulay va shinam bo‘lishi, belgilangan sanitariya va texnik me’yorlarga, qonun hujjatlarining boshqa talablariga javob berishi lozimligi ham belgilangan, biroq ko‘p holatlarda ushbu norma talablari buzilishi kuzatilmoqda.

Har bir kelib tushgan murojaat yuzasidan muallif istiqomat qiluvchi tuman (shahar) hokimi bilan o‘tkazilgan suhbatda turar joy bilan ta’minlash uchun mablag‘lar yo‘qligi (yetishmasligi) vaj qilib keltirilmoqda. Vaholanki, O‘zbekiston Respublikasi moliya vazirining 2010-yil 11-oktabrdagi “Yetim bolalar va ota-ona qaramog‘idan mahrum bo‘lgan bolalarga turar joy sotib olish uchun maqsadli transfertlar, shu jumladan, budjet mablag‘larini berish tartibi to‘g‘risidagi nizomni tasdiqlash haqida”gi 86-sonli buyrug‘ida ushbu masala o‘zining yechimini topgan.

Foto: Oliy Majlisning Inson huquqlari bo‘yicha vakili matbuot xizmati

Shu bilan bir qatorda, yetim bolalar va ota-ona qaramog‘idan mahrum bo‘lgan bolalar hamda “Mehribonlik” uylari bitiruvchilarini turar joy bilan ta’minlamaslik, o‘z navbatida, bu toifa shaxslar doimiy yashash joyi bo‘yicha ro‘yxatdan o‘tishi, ish joyi bilan ta’minlanishi va tibbiy yordam olishida ham jiddiy muammolarni keltirib chiqaradi.

Yig‘ilishda Bola huquqlari bo‘yicha vakil mazkur masala bo‘yicha prokuratura organlari xodimlari nazoratni kuchaytirishi va barcha turar joyga muhtoj “Mehribonlik” uylari bitiruvchilarini belgilangan talablarga mos uy-joy bilan ta’minlashga erishilishi kerakligini qayd etdi.

Bundan tashqari, yig‘ilishda yetim bolalar va ota-ona qaramog‘idan mahrum bo‘lgan bolalarning huquq va erkinliklarini kafolatlash, ularni ijtimoiy himoya qilish sohasidagi qonunchilikni takomillashtirish maqsadida ushbu sohani kompleks o‘rganishni tashkil etish bo‘yicha olib boriladigan chora-tadbirlar muhokama qilindi.

Shuningdek, 2021-yil 5-mayga qadar yetim bolalar va ota-onasining yoki boshqa qonuniy vakillarining qaramog‘idan mahrum bo‘lgan bolalarni ijtimoiy qo‘llab-quvvatlash sohasidagi umumlashtirilgan takliflar ishlab chiqilishi kelishib olindi.

Bundan avval Prezident Namangandagi “Mehribonlik” uyiga tashrifi chog‘ida bag‘riga bosgan qizaloq oilasiga qaytgani hamda O‘zbekistonda farzand asrab olishi mumkin bo‘lgan shaxslar ro‘yxati kengaytirilishi haqida xabar berilgandi.