Surxondaryo viloyati IIB huzuridagi Tergov boshqarmasi bloger Otabek Sattoriyga nisbatan qo‘zg‘atilgan jinoyat ishini tergov qilishni yakunladi va jinoyat ishi yuzasidan ayblov xulosasini tasdiqlash va tegishli sudlovga oshirish uchun viloyat prokuraturasiga yubordi. Bu haqda IIV Tergov departamenti xabar berdi.

Foto: Otabek Sattoriy / Facebook

Ma’lum qilinishicha, Otabek Sattoriyga nisbatan qo‘zg‘atilgan jinoyat ishini tergov qilish jarayonida u 2020-yilning iyun oyidan 2021-yilning yanvar oyiga qadar bo‘lgan vaqt oralig‘ida Isroil X., Mastona A., Nasiba N., To‘xtamish K., O‘tkir T., Ashur X., Zokirjon X., Lochin T.ga nisbatan tuhmat qilish, haqorat qilish kabi jinoyatlarni sodir qilib, ushbu fuqarolarning ayrimlaridan moddiy manfaat ko‘rib kelganligi aniqlangan.

Olib borilgan tergov harakatlari natijasiga ko‘ra, Surxondaryo viloyati IIB huzuridagi Tergov boshqarmasi tomonidan 24-fevral kuni Otabek Sattoriyga Jinoyat kodeksining 165-moddasi 2-qismi “a”,“b” bandlari va 3-qismi “a” bandi (takroran yoki xavfli retsedevist tomonidan ko‘p miqdorda tovlamachilik qilish), 139-moddasi 3-qismi “a,g” bandlari (og‘ir yoki o‘ta og‘ir jinoyat sodir etishda ayblab, g‘arazgo‘ylik yoki boshqa past niyatlarda tuhmat qilish) hamda 140-moddasi 3-qismi “a” bandi (jabrlanuvchini o‘z xizmat yoki fuqarolik burchini bajarishi munosabati bilan bog‘liq holda haqorat qilish) bilan avvalgi ayblov to‘ldirilib, shu kuni dastlabki tergov tamomlangan.

Eslatib o‘tamiz, surxondaryolik bloger Otabek Sattoriy tovlamachilikda ayblanib, 29-yanvar kuni hibsga olingan edi. Deputat Rasul Kusherbayev blogerning qo‘lga olinishiga o‘z munosabatini bildirib, bu holatni “amaldorlarni tanqid qilayotgan bitta blogerga emas, butun boshli so‘z erkinligiga, Prezidentning ochiqlik siyosatiga qarshi surxondaryolik amaldorlarning isyonidir” deb ta’riflagandi.

Blogerning hibsga olinishi yuzasidan Milliy mass-mediani qo‘llab-quvvatlash va rivojlantirish jamoat fondi Vasiylik kengashi raisi Komil Allamjonov ham munosabat bildirdi.

“Qonunni buzishga na jurnalist va na bloger haqli. Men bu haqda kecha o‘z fikrimni bildirdim. Lekin nima uchun eng xavfli jinoyatchidek uning uyida tintuv o‘tkazildi, nima uchun u ko‘plab odamlar bilan olib ketildi, nima uchun sud yopiq bo‘lyapti?

Barcha tovlamachilikda gumon qilingan fuqarolarga shunaqa munosabat qilinadimi? Yoki bloger bo‘lgani uchun shunday alohida ‘hurmat-ehtirommi’? Bu normal holatmi? Ichki ishlar vazirligi bu masala yuzasidan izoh berishi shart. Metodlar qachon o‘zgaradi? Bosib olib ketmay, idoraga qonuniy chaqiruv qog‘ozi bilan chaqirilsa, kelmas edimi? Ehtiyot chorasi sifatida nima uchun eng og‘iri, qamoq tanlandi?

Qonun hamma uchun barobar ekan, organ xodimlari ham oshirib yuborishmasin. Bizning jamoat fondimiz bunday xatti-harakatni keskin qoralaydi. Bosh prokuraturadan ushbu holatga huquqiy baho berishlarini so‘raymiz”, — degan u.

Keyinroq Oliy sud ushbu blogerga qo‘yilgan ayblov o‘zgartirilmagani va prokuraturaning blogerga nisbatan qamoqqa olish ehtiyot chorasi ko‘rilishi haqidagi iltimosnomasi qanoatlantirilgani ma’lum bo‘lgandi. Blogerning advokati Shavkat Shokirov “Gazeta.uz”ga bergan intervyusida u ishni uyushtirilgan deb hisoblashini aytgan.

“Agar tergov organi prokuratura bilan birgalikda o‘z yuzini yo‘qotishni istamasa, unda jinoyat alomatlari yo‘qligi to‘g‘risida bayonot bilan uni ozod qilishi kerak. Hozirda ular boshqa bir qonunbuzarlik faktini ‘yaratish’ bilan band deb qo‘rqaman… Hozir Otabek butun tizim unga qarshi ishlayapti, deb hisoblamoqda”, — degan advokat.

11-fevral kuni Bosh prokuratura bloger Sattoriyning xatti-harakatlari yuzasidan 7 ta holat bo‘yicha murojaatlar kelib tushganini ma’lum qilgandi.