Ancha yillardan buyon soch to‘kilishi muammosi nafaqat ayollarni, balki erkaklarni ham qiynab kelmoqda. Hozirgi kunda kosmetologiyaning eng foydali protsedurasi deb aytilayotgan soch mezoterapiyasi bunga yechim bo‘la oladimi? Bu muolajani erkaklarga qo‘llash mumkinmi? Xizmatdan foydalanish narxlari qancha? Bu haqda “Daryo”ga tajribali shifokor-kosmetolog Hilola Fayziyeva batafsil ma’lumot berib o‘tdi.

Foto: Instagram / @dr.hilola_xayrullayevna

Soch mezoterapiyasi — maxsus ignalar yordamida boshning soch qismiga inyeksiya qilish metodi. Inyeksiya tarkibidagi preparatlar soch ildizini mustahkamlab, qalinlashtiradi, oziqa beradi. Qolaversa, mikrotsirkulyatsiyani yaxshilab, erta oqarishining oldini oladi.

Bundan tashqari mezoterapiya massaj va niqoblardan ko‘ra samarali bo‘lib, soch o‘sishiga yordam beradi.

Foto: Google Images

Protsedura to‘g‘ridan to‘g‘ri soch follikulasiga ta’sir qiladi. Shu sababli nafaqat soch to‘kilishi va qazg‘oqni, balki haddan tashqari quruq, yog‘li bosh terisini davolashda katta samara beradi.

Protsedura har 7—10 kunda bir marta qilinadi. Muammoga qarab muolaja natijasi dinamikada kuzatiladi. Davolash kursi 4—8 haftani tashkil etadi. Faqat muolajani shifokor nazorati ostida amalga oshirish lozim.

Foto: Google Images

Boshqa muolajalarda bo‘lgani kabi soch mezoterapiyasini ham qo‘llash mumkin bo‘lmagan holatlar mavjud.

Xususan, alopetsiya (soch to‘kilishi) kasalligining o‘tkir davrida muolajadan foydalanish mumkin emas. Chunki bu aks ta’sir ko‘rsatib, soch yanada tez to‘kilishiga olib keladi. Shuning uchun soch mezoterapiyasini qilishdan oldin, albatta, trixolog (soch bo‘yicha mutaxassis) bilan maslahatlashib olgan ma’qul.

Ayni paytda soch mezoterapiyasining bitta muolajasi o‘rtacha 150—600 ming so‘mgacha baholanadi.