O‘tgan bir haftada ichida 760 nafardan ortiq O‘zbekiston fuqarosi Rossiyaga ishlash uchun jo‘nab ketdi, deb xabar berdi Tashqi mehnat migratsiyasi agentligi.

Foto: Tashqi mehnat migratsiyasi agentligi

Ta’kidlanishicha, so‘nggi oylarda Rossiyaning ko‘plab ish beruvchi korxonalariga fuqarolarni tashkillashtirilgan holda ishga jalb qilish maqsadida ushbu korxonalar vakillari ishtirokida ishga ketish niyatida bo‘lgan fuqarolar O‘zbekistonning qator viloyatlarida tanlovdan o‘tkazilib kelinmoqda.

Mazkur tanlovlardan muvaffaqiyatli o‘tgan fuqarolar Rossiya hududiga kirish uchun ruxsatnoma olgach, ushbu davlatda vaqtinchalik mehnat faoliyatini amalga oshirish uchun jo‘nab ketadi.

“Ana shunday fuqarolardan 120 nafari ‘StroyKraft’ MChJda ishlash uchun 19-fevral kuni Sankt-Peterburgga, 203 nafari ‘PSP’ MChJda ishlash uchun Amurga, ‘PIK Industriya’ AJ va ‘Texstroy’ MChJda ishlash uchun esa Moskvaga 20-fevral kuni 219 nafari, 21-fevral kuni 220 nafari Toshkent xalqaro aeroportidan jo‘nab ketdi”, — deyiladi xabarda.

Rossiyada ishlash uchun ketayotgan o‘zbekistonliklarga aeroportda tegishli tushuntirishlar berilib, mehnat migrantlari huquq va manfaatlarini himoya qilish yuzasidan materiallar tarqatilgan. O‘zbekiston fuqarolari belgilangan epidemiologik talablar va karantin cheklovlariga rioya qilgan holda turli obyektlarda ish boshlaydi.

Eslatib o‘tamiz, Rossiya IIV mamlakatda migrantlar soni kamayib ketganini ma’lum qilgandi. 2020-yil dekabr oyining o‘rtalarida Rossiya Qurilish vazirligi mehnat muhojirlarining mamlakatga kirishini soddalashtirish taklifi bilan chiqqandi.