Qishloq xo‘jaligi vazirligi keskin ob-havo sharoitida qishloq xo‘jaligi ekinlari, meva, sabzavot va daraxtlarni saqlab qolish uchun amalga oshirish kerak bo‘lgan tavsiyalarni ma’lum qildi.

Foto: “Daryo”

Gidrometeorologiya xizmati xabar berishicha, 24—27-fevral kunlari O‘zbekistonga Volga bo‘yi orqali Rossiyaning Yevropa qismi hududlari ustida shakllangan sovuq va nam havo kirib kelishi kutilmoqda. Xizmat 25—27-fevralda kutilayotgan sovuq havo mevali daraxt kurtaklari va gullariga zarar yetkazishidan ogohlantirgandi.

Ob-havoning keskin o‘zgarishi sharoitida mevali bog‘ va uzumzorlar, ertaki kartoshka va sabzavot ekinlarini saqlab qolish maqsadida quyidagi tadbirlarni zudlik bilan amalga oshirish tavsiya etiladi:

  • mevali bog‘ va uzumzorlarning qator oralaridan sug‘orish ariqlari olinib, iloji boricha kam miqdorda suv oqizish;
  • mevali bog‘ va uzumzorlar qator oralariga mahalliy o‘g‘it aralash xashak, poxol, shox-shabbalar uyumlarini to‘plab, ularni tutatish. Buning uchun mevali bog‘ va uzumzorlarga bir tekisda eni 1,25—1,5 metr hamda balandligi 0,5—0,75 metrdan to‘p-to‘p qilib uyib qo‘yish;
  • daraxtlarning yoshi va qalin siyrakligiga qarab, har bir gektar maydonga 100—200 ta uyum hosil qilish. Tutun bog‘ ichiga yaxshi yoyilishi uchun uyumlarni mevali bog‘ va uzumzorlarning shamol esadigan tomoniga qo‘yish hamda havo haroratini kuzatib borish;
  • havo ochiq bo‘lib, harorat 1 daraja iliqqa tushishi bilan uyumlarni tutatish. Bunda uyumlarning alangalanmay, tutab yonishiga alohida ahamiyat berish lozim. Sovuq takrorlanishini hisobga olib, uyumlarni oralatib tutatish. Agar sovuq bo‘lmasa, uyumlardan o‘g‘it sifatida foydalanish;
  • ertaki muddatlarda ekilgan kartoshka nihollari yerdan unib chiqqan bo‘lsa, sharoitga qarab, egat ustini polietilen plyonka bilan yopish yoki yopishning iloji bo‘lmagan maydonlarda kechki suv qo‘yishni tashkil etish va maydonning atrofiga go‘ng aralash xashak, poxol va shox-shabbalar uyumlarini to‘plash hamda ularni tutatish;
  • isitilmaydigan ko‘chatxonalarda yetishtirilayotgan sabzavot va poliz ekinlari ko‘chatlarini sovuqdan asrashning muhim tadbirlaridan biri — dugalar o‘rnatish, ustini polietilen plyonkasi bilan yopish, vaqtinchalik isitish moslamalaridan foydalanish hamda atrofiga go‘ng aralash xashak, poxol va shox-shabbalar uyumlarini to‘plab, ularni tutatish;
  • issiqsevar sabzavot ekinlaridan pomidor, shirin qalampir va baqlajon ko‘chatlarini issiqxonada tayyorlashni hamda bodring va poliz ekinlari urug‘larini ekishni vaqtinchalik to‘xtatib turish.

Shuningdek, sovuqqa chidamli sabzi, piyoz, sarimsoqpiyoz, osh lavlagi, karam va ko‘kat sabzavotlari kabi ekinlarga 2—3 daraja iliq havo sezilarli ta’sir etmasligi ma’lum qilingan.

Bundan avval “O‘zgidromet” 24-fevral kuni qanday ob-havo kutilayotganini ma’lum qilgandi.