O‘zbekistonda 25—27-fevralda kutilayotgan sovuq harorat mevali daraxtlarning yozilgan kurtaklari va gullariga zarar yetkazadi, deb ogohlantirdi “O‘zgidromet”.

Foto: “Daryo”

Fevral oyining ikkinchi o‘n kunligida anomal yuqori havo harorat hisobiga mevali daraxtlar, tut va tokning bahorgi vegetatsiyasi o‘rtacha ko‘p yillik ko‘rsatkichlardan 2,5-3 hafta erta boshlandi.

“O‘n kunlikning birinchi yarmida respublika hududining katta qismida mevali daraxtlarda yalpi kurtaklarini bo‘rtishi va ochilishi boshlandi. O‘n kunlikning oxiriga kelib, erta gullaydigan mevali daraxtlar gulladi. Respublikaning janubida erta gullaydigan mevali daraxtlarning gullashi fevral oyining birinchi o‘n kunligida boshlanib, ikkinchi o‘n kunlikning oxiriga kelib, gullash yalpi bo‘ldi”, — deyiladi xabarda.

Eslatib o‘tamiz, 23—26-fevral kunlari O‘zbekiston hududiga Volgabo‘yi orqali Rossiyaning (Moskva viloyati) Yevropa qismi hududlari ustida shakllangan sovuq va nam havo massalari kirib keladi. 25—26-fevral kunlari harorat kechalari 7—12 daraja, kunduz kunlari esa 2—7 daraja sovuq bo‘ladi.