“Daryo” an’anaviy jahon matbuoti sharhi ruknini davom ettiradi. Bu hafta ham jahon matbuotida muhokama qilingan mavzular haqida so‘z yuritamiz.
Eron va Hindistonning strategik hamkorligining istiqboli qanday?
Hindiston nihoyat Eron bilan 2015-yilda boshlangan yadroviy kelishuv borasidagi masalani qayta tiklaydigan ko‘rinadi, deb yozadi The Al Monitor nashri.O‘tgan haftada Hindistonning Eron, Afg‘oniston va Pokiston masalalari bo‘yicha vakili Jay Pi Singx Tehronga tashrif buyurdi. Hindiston vakili Eron bilan aloqalarni yangi bosqichga ko‘tarishga harakat qilar ekan, Ummon ko‘rfazida joylashgan Chobahor portidagi ishlar qanday ketayotgani bilan tanishdi. Ma’lumki, HIndiston hukumati Chobahordagi portni zamonaviylashtirish uchun moliyaviy yordam bermoqda. Hindiston vakilining tashrifidan asosiy maqsad esa uzilib qolgan Hindiston va Eron munosabatlarini tiklash va yaxshilashdan iborat.
Janob Singx Eron tashqi ishlar vaziri o‘rinbosari Abbos Arog‘chi bilan uchrashib yadro dasturining qayta tiklanishi borasida muhokamalar o‘tkazdi. Bundan ma’lumki, Hindiston Eronning yadro dasturi borasida yordam qilmoqchi, sharti esa Eronning iqtisodiy jazo choralaridan xalos bo‘lishi hisoblanadi. Demak, xalqaro iqtisodiy bosim ostida qolayotgan Eron bilan ish yuritish uchun Hindiston tarafi eng avvalo Eronni yadro dasturi borasida qanchalik uzoqqa bora olishini anglash va shu bilan birgalikda Eronning xalqaro yadroviy dastur kelishuviga qaytish yoki qaytmaslik rejalarini aniqlashdan iborat.
Vashington hozircha Eronga yadro kelishuvi borasida ijobiy signal yubordi va 2015-yildagi Eron va AQSh yadro kelishuviga bosh-qosh bo‘lgan Robert Mellini Eronga o‘zining vakili sifatida yuborishga ham ulgurdi. 2015-yilda AQShning Eron bilan yadroviy kelishuvida muhim o‘rin tutgan Vendi Shermanning AQSh davlat kotibi o‘rinbosari sifatida tayinlanishi ham Eron uchun ijobiy qadam sifatida baholanmoqda. Aynan Vendi Sherman Eronni yadroviy kelishuv stoliga yetaklab, kelishuvni imzolagan siyosatchilardan biri sifatida ko‘riladi.
Shu sababdan ham Hindiston hukumati Eron bilan Chobahor portining istiqbolida qatnashish masalasini davom ettirishni rejalashtirmoqda. AQShning Eronga nisbatan e’lon qilgan iqtisodiy jazo choralari bosimi ostida Hindiston ham Eronning Chobahor portidagi vazifalarini bajarishni turli sabablarga ko‘ra ortga surib kelganidan, Eron hukumati Hindistonni portga dahldor bo‘lgan masalalardan uzoqlashtiradi. Endilikda esa vaziyat o‘zgarayotgani ma’lum bo‘lgach, Hindiston o‘z vakilini Chobahor porti borasidagi aloqalarni davom ettirishni tiklash uchun muzokaralar olib borishga jo‘natdi. Rasmiy Nyu Dehli Eronga nisbatan ijobiy fikrda ekanligini isbotlash uchun hattoki 140 tonnalik yuk kranlarini taqdim qildi. Bu kranlar esa 25 million dollarlik qiymatga ega bo‘lib, Hindiston bu bilan Eron portida chala qolgan ishlarini nihoyasiga yetkazib qo‘yishga qaror qilganidan dalolat beradi. Qolaversa, Hindiston hukumati Chobahor porti orqali Markaziy Osiyo bozorlariga kirib borishni ham maqsad qilmoqda. Shuningdek, O‘zbekiston hukumati ham Hindiston, Eron bilan birgalikda Chobahor porti doirasidagi muzokaralarda qatnashish istagini ham bildirib keladi. Shu sababdan o‘tgan yilda O‘zbekiston, Eron va Hindiston rasmiylari Chobahor portidan o‘zaro manfaatli foydalanish borasida kelishib olish maqsadida uch taraflama muzokaralar o‘tkazishdi. Hindiston O‘zbekistonni bu hamkorlikka tortish bilan o‘z savdo aloqalarini Afg‘oniston, Armaniston, Ozarbayjon, Rossiya, Markaziy Osiyo va Sharqiy Yevropa mamlakatlariga ham yoyishni istaydi. Yaqin kunlarda esa O‘zbekiston, Eron va Hindiston tashqi ishlar vazirligi vakillari Chobahor porti istiqboli va hamkorligi doirasida muzokaralarni boshlashi ham kutilmoqda.
Agarda Eron va Hindiston aloqalari o‘rnatiladigan bo‘lsa, Hindiston rasmiylari nazarida Eron o‘z e’tiborini Xitoyga emas, ko‘proq g‘arbga qaratishga intiladi. Bu esa 2015-yilda o‘z tasdig‘ini topgandi. O‘sha paytda Eron hukumati G‘arb bilan yadroviy kelishuvni imzolashga erishgan edi.
Ikkinchidan, Eron va Hindiston o‘rtasida strategik hamkorlik borasida kelishuv mavjud bo‘lib, bu Xitoy va Pokiston o‘rtasidagi kelishuvlar uchun salbiy ta’sir qiladi. Natijada, Hindiston nafaqat Pokistonning Gvadar porti, balki uning dengiz qirg‘oqlaridagi vaziyatni nazorat qilishga ham imkon beradi.
Uchinchidan, Hindiston mintaqadagi Xitoy ta’sirini kamaytirish orqali o‘z diplomatiyasi harakati o‘qini Afg‘oniston va Markaziy Osiyo yordamida harakatlantirish imkoniga ega bo‘ladi. Aynan shu sababdan ham Chobahor porti hozirda hind rasmiylarining diqqat markazidagi masalaga aylanib ulgurdi.
Agarda Hindiston vaziyatni boy beradigan bo‘lsa, u holda Eron va Xitoy o‘rtasida 25 yilga imzolangan bitim kuchga kiradi va natijada Hindiston Eron portlaridan foydalanish imkoniyatidan mahrum bo‘ladi. Bu esa Hindiston iqtisodiyotiga qancha zarar keltirishini taxmin qilsa bo‘ladi.
Hindiston va Xitoy o‘rtasida yaqin vaqtlar ichida sodir bo‘lgan ixtiloflar inobatga olinadigan bo‘lsa, u holda Hindiston o‘zi uchun Xitoy bilan Eron portlari borasida yangi kurash maydoni ochayotgani bilan barobar. Hindiston va Xitoyning qarama qarshiligi ham Eron porti ortidan yanada jiddiylashishi mumkin. Eron Yaqin Sharq mintaqasidagi asosiy davlatlardan biri ekanligi e’tiborga olinsa, Hindiston Eron bilan yaqinlashuvi ortidan qanday foyda olishi ma’lum, biroq buning uchun Eron ham yadroviy dasturi borasidagi kelishuvlarga qaytishi talab qilinadi. Shundagina Hindistonning maqsadlari amalga oshishi mumkin bo‘ladi.
AQSh NATOdagi ittifoqchilari bilan munosabatlarini yaxshilay oladimi?
AQSh mudofaa vaziri Lloyd Ostin NATOdagi ittifoqchilari bilan Tramp davrida barbod bo‘lgan munosabatlarini tiklamoqchi, deb yozadi The Voice of America axborot xizmati.Chorshanba kuni Lloyd Ostin NATOga a’zo mamlakatlarning mudofaa vazirlari bilan o‘tkazgan dastlabki uchrashuvida uzilib qolgan aloqalarni qayta tiklamoqchi ekanligini ma’lum qildi. AQShlik yuqori martabali rasmiylarning kayfiyati ijobiy tarafga o‘zgargani eng avvalo AQSh NATOdagi ittifoqchilari bilan Rossiya va Xitoyga qarshi turish strategiyalarining dolzarbligi va Afg‘onistondagi ittifoqchi kuchlarining soni borasidagi mavzular manzarasida yuz bermoqda va bu bilan AQSh tarafi xalqaro vaziyatda yana katta siyosiy sahnaga qaytishga qaror qilganligini bilish mumkin.
Ostin nazdida, yuqoridagi masalalarni ittifoqchilari bilan birgalikda hal qilish muvaffaqiyat olib kelishi mumkin. Janob Ostin NATOdagi sheriklariga murojaatida “jamoa ishonch va hurmat bilan birgalikda harakat qilsagina, muvaffaqiyat qozonishi” haqida gapirdi. U, shuningdek, ittifoqchilar “birgalikda maslahatlashuvlar o‘tkazishi, birgalikda qaror qabul qilishi va harakat qilishi lozim”ligi haqida ham to‘xtalib o‘tdi.
Tramp davrida NATOdagi AQShning ittifoqchilari rasmiy Vashingtonning harakatlarini “qo‘pollik”, “shartnoma bandlaridan chekinish” va “hurmatsizlik” deya baholab keldi. Bugun esa yana AQShning qay darajada NATOni tuzish haqidagi kelishuvning 5-moddasiga rioya qila olishi borasida Ostinning murojaati AQSh doim o‘z ittifoqchilari bilan birga bo‘lishiga ishontirmoqda.
NATO bosh kotibi Yens Stoltenberg shu haftada barcha a’zo mamlakatlarga AQSh va NATO munosabatlarini “ilitish” borasida darak berar ekan, a’zo mamlakatlarga “so‘nggi 4 yil o‘ta og‘ir kechganligini va hattoki prezident Tramp bilan o‘tkazilgan uchrashuvlarda noqulay vaziyatlarga tushib qolganligini hamda Yevropa, Shimoliy Amerika va AQSh barchasini qaytadan boshlashi ijobiy qadam” ekanligini ma’lum qildi.
Bayden va NATO o‘z munosabatlarini ijobiy tarafga o‘zgartirishni istayotgan bo‘lsa-da, Afg‘oniston masalasida NATOga a’zo mamlakatlar bilan turli kelishmovchiliklar mavjud. Xususan, AQSh Afg‘onistonda qolayotgan 2500 nafar askarini may oyida qanday olib chiqib ketishi borasida o‘ylamoqda.
Biroq Pentagondagi yuqori martabali mulozim Afg‘onistondagi harbiylar soni borasida biror bir qaror qabul qilinmaganligini ta’kidlagan holda, NATO mamlakatlari vazirlarining uchrashuvi AQShga bu masalani muhokama qilish uchun yaxshi imkoniyat ekanligini bildirdi.
Qolaversa, AQShning tolibonlar bilan imzolagan kelishuvi buzilishi mumkinligidan xavotirda. Amerikalik harbiylar tolibon tarafi kelishuvlarga qaramasdan zo‘ravonlikni avj oldirayotganini iddao qilishmoqda. Shunday bo‘lsa-da, ayrim amerikalik rasmiylar tolibonlar bilan imzolangan 2020-yil boshidagi bitimning istiqbolli ekanligidan ko‘ngli to‘q.
AQShning Yevropadagi qo‘shinlari kelajagi borasida ham uning Yevropadagi ittifoqchilari ma’lum bir fikrga ega bo‘lishni istamoqda. Tramp o‘tgan yilning iyul oyida Germaniyadagi 12 mingdan ortiq askarini olib chiqib ketishini ma’lum qilgandi. Bayden esa bu boradagi vaziyatni qanday bo‘lgan bo‘lsa, shundayligicha qoldirmoqchi. AQSh harbiylarining Yevropada qolishi AQShning xavfsizlik strategiyasiga xizmat qiladi. Shu bilan birgalikda AQSh va NATO davlatlari Rossiyaning agressiv siyosatini jilovlab turish imkoniga ega bo‘ladi. Ittifoqchilar uchun harbiy xarajatlar ham muhim masalalardan biri hisoblanadi. Bayden ham bu borada Trampdek NATOga a’zo davlatlar harbiy xarajatlarni o‘rtada hal etish tarafdori.
Jahongir Ergashev tayyorladi.
Izoh (0)