General Motors konserni nazorati ostida bo‘lgan GMC markasi yangi Hummer’ning imkoniyatlari namoyish etilgan navbatdagi rolik bilan bo‘lishdi. Videoda GMC Hummer EV elektropikapining prototipi qor uyumida “kulcha yasaganini” ko‘rish mumkin, deb xabar beradi Motor.

Foto: Facebook / GMC

GMC elektr energiyasida harakatlanuvchi Hummer’ini 2020-yilning oktabrida namoyish etgan bo‘lib, hozirga qadar to‘laqonli “tovar” versiyasini ko‘rsatmay kelayotgan edi. Kompaniya elektrokarlarning to‘laqonli seriyali yig‘ish 2021-yilning oxirlariga borib yo‘lga qo‘yilishini va’da qilgan, ammo ayni vaqtda ham model ustidagi ishlar nihoyasiga yetgani yo‘q.

GMC kompaniyasi Hummer’ga bo‘lgan qiziqishni ushlab turish maqsadida yo‘ltanlamasning turli imkoniyatlari namoyish etilgan qisqa roliklar bilan bo‘lishishni davom etmoqda. Avvalroq e’lon qilingan videoda Crab Mode yoki “qisqichbaqa rejimi” namoyish etilgandi.

Facebook’dagi video ostiga qoldirilgan izohlarda foydalanuvchilar driftni yuqori baholagan, biroq GMC’ni to‘liq “yashil” dvigateldan foydalanishini tanqid qilgan.

“Quvvatlantirishda kerak bo‘ladigan generatorni olib yurish uchun kuzovda yetarlicha joy borligi yaxshi”, — deb yozadi foydalanuvchilardan biri.

Boshqalar esa yo‘ltanlamasning oynalari kichikligiga va uning ichidan atrofni kuzatish noqulayligiga e’tibor qaratgan, biroq aksariyat foydalanuvchilar asosiy kamchilik sifatida Hummer EV’ning narxini keltirib o‘tgan. Edition 1 versiyasining narxi 113 ming dollardan boshlanadi. Taqqoslash uchun, markaning raqibi hisoblanuvchi Tesla Cybertruck’ning minimal narxi 39,99 ming dollarni tashkil etadi.

Hummer EV Edition 1 1014 ot kuchiga ega uch motorli dvigatel yordamida harakatga keladi. Yo‘ltanlamas soatiga 100 kilometr tezlikka uch soniyada erishadi, Ultium batareyalarining bir marta quvvatlanishi orqali 560 kilometrdan ortiq yo‘l bosa oladi.