Bugun,

  • USD 11095.31
  • RUB 173.84
  • EUR 10772.44

Moliya vazirligi huzuridagi budjetdan tashqari Pensiya jamg‘armasi O‘zbekistonning ayrim viloyatlarida istiqomat qiluvchi aholiga pensiya mablag‘lari nima sababdan kech yetib borayotgani yuzasidan o‘rganish ishlarini olib bordi. Xususan, o‘rganishlar davomida Jizzaxda bir fuqaroning pensiyasi sayyor kassa kassiri tomonidan o‘zlashtirilgani aniqlangan. Bu haqda jamg‘arma matbuot xizmati “Daryo”ga ma’lum qildi.

Foto: “Daryo”

Foto: “Daryo”

Namangan viloyati Uchqo‘rg‘on tumanida istiqomat qiluvchi fuqaro T.M.ning 2020-yil 15-noyabr kuni Pensiya jamg‘armasi ishonch telefoniga 2020-yil dekabr oyi uchun boquvchisini yo‘qotganlikda beriladigan nafaqasini olmagan bo‘lsa-da, dasturda to‘landi belgisi qo‘yilganligi bo‘yicha murojaat qilgan.

Murojaat o‘rganilganda, fuqaro T.M.ga dekabr oyi uchun tayinlangan boquvchisini yo‘qotganlik nafaqasi AT “Xalq banki” Uchqo‘rg‘on tumani sayyor kassasi kassiri tomonidan o‘rnatilgan qonunchilikka zid ravishda, ya’ni ishonchnomasiz MFY xodimiga tashlab ketilgani ma’lum bo‘lgan.

Shuningdek, Jizzax viloyati Zomin tumanida istiqomat qiluvchi fuqaro M.A.ning 2020-yil avgust oyi uchun pensiya hamda un va qolipli non xarid qilish bo‘yicha kompensatsiya puli to‘lovlari to‘lab berilmaganligi bo‘yicha murojaati o‘rganilib, fuqaroning pullari AT “Xalq banki” Zomin tumani sayyor kassasi kassiri tomonidan o‘zlashtirilganligi aniqlangan.

Pensiya jamg‘armasining aralashuvi bilan fuqaroga 2020-yil 31-dekabr kunida pensiya hamda un va qolipli non xarid qilish bo‘yicha kompensatsiya puli to‘lovlari o‘rnatilgan tartibda AT “Xalq banki” sayyor kassasi kassirlari tomonidan yetkazib berilgan.

Pensionerga pensiya to‘lovi belgilangan tartibda yetkazib berilmaganligi hamda ishonchnomasiz to‘lash holati yuzasidan AT “Xalq banki” boshqaruviga tegishli chora ko‘rish bo‘yicha xat yuborilgan.

“Yuqoridagilarga asosan joylarda pensiya va nafaqalarni yetkazishda kech to‘lab berish holatlari, yetkazib berishda xizmat haqi talab etish, to‘liq miqdorda berilmaslik yoki to‘lovlardan chegirib qolish yoki boshqa holatlar aniqlansa, fuqarolardan Pensiya jamg‘armasining 1140 raqamli ishonch telefoniga murojaat qilishlarini so‘raymiz”, — deyiladi xabarda.

Eslatib o‘tamiz, Pensiya jamg‘armasining yanvar oyi ma’lumotlariga ko‘ra, O‘zbekistonda pensiya va nafaqa oluvchilarning umumiy soni 3,824 million kishini, ya’ni aholi sonidagi ulushi 11,2 foizni tashkil qilmoqda.

Izoh
Asosiy yangiliklar
Iqtisodiyot
O‘zbekistonda yanvar oyida kimlarga eng yuqori maosh taklif qilindi?
Dunyo
“Rossiya yutqazadi, Ukraina g‘alabasi dunyoni o‘zgartiradi”: Zelenskiy Buyuk Britaniya parlamentida nutq so‘zladi (video)
Mahalliy
Qoraqalpog‘istondagi uyda gaz portlashi oqibatida bir kishi vafot etdi